SENSIZLIK
— Talabalar, bugun darsdan so‘ng faollar zalida universitetimizdan porlab chiqayotgan yosh yozuvchi Bekzod Alimov bilan uchrashuv bor, — hali birinchi para darslari boshlanmasdan e’lon qildi guruh sardori. — O‘tgan hafta kitobini tarqatganmiz, o‘qib chiqqan bo‘lsalaring kerak.
Talabalar orasida shivir-shivir gap-so‘z boshlanib ketdi. "Hikoyasi zo‘r yozilgan ekan", desa kimdir, "E, yoqmadi, hayotiy emas, odam internetga bunchalik bog‘lanib qolmaydi", derdi boshqa bir talaba.
— Qatnashamizmi? Zo‘r yozgan ekan, chiroyli, uylanmagan, o‘zimizda o‘qirkan, hikoyasi internetda sevishgan ikki yosh haqida, — to‘satdan yuzlandi Nargiz o‘z xayollari bilan band Dilnozaga.
— Menga qizig‘i yo‘q, men internetdan o‘zimga kerak ma’lumotlar uchun foydalanaman, boshqa har xil kanallar, yengil-yelpi mavzular bilan ishim yo‘q.
— Ha, aytganday, hikoyasining bosh qahramonlarini ismi Rustam va Dilnoza, bir-birlarini ko‘rmasdan sevib qolishadi.
"Rustam va Dilnoza… sevishib qolishadi" — Nargizaning bu so‘zlari Dilnozaning yuragini qaysidir bir joyiga chandiq qoldirgan yarani tirnab yuborganday bo‘ldi.
— Ko‘ramiz, — dedi birozdan so‘ng jahli chiqib Dilnoza, — qatnashsam qatnashaveraman, qaytanga bugun uyda ishim kamroq edi.
— Rosa zo‘r telegram guruhga qo‘shilib oldim, u yerda shunday gaplar yozishadi: hamma faylasuf, hamma olim, o‘qib mazza qilasan, — dedi Xurshidbek telefondan bosh ko‘tarmay nimalarnidir o‘qir, o‘zicha kular, ba’zan ta’sirlanar, ba’zan fikrlarga qarshi chiqar, xullas, Bekzodning ta’biri bilan aytganda "telefonga kalla qilgan" edi.
— Qo‘ying, jo‘ra, ko‘p berilmang shu virtual dunyoga, sizga nima foydasi bor? Qaytanga darslardan orqaga qolib ketdingiz, tunov kuni Nigora Ne’matovnaning bergan tanbehi kor qilmabdida, — koyib qo‘ydi Bekzod xonadosh do‘stini.
Bekzod va Xurshidbek bir xonada yashashar, ba’zan tortishib turishsada, bir-birini hurmat qilishardi.
— Qani, o‘sha faylasuf yozuvchilarni bir ko‘raylik-chi, havolasini tashlang-chi, — dedi Bekzod do‘stini ipsiz boylab qo‘ygan virtual olamdan olib chiqib ketarman degan o‘y-xayol bilan.
Bekzod bu telegram guruhiga a’zo bo‘lgan dastlabki besh-olti kun fikr bildirishga tortindi, a’zolarning fikrlarini o‘qib ularni kuzatdi, xulosalar qildi. Chakkimas, o‘ttiz uch ming sakkiz yuzi o‘n to‘rt a’zo. Kimdir siyosatdan, kimdir she’riyatdan, yana kimdir taomlardan, xullas, har kim xohlagan mavzuda yozar, ammo asosiy mavzu sevgi-muhabbat.
- Amor Fati: Sev meni, sev. Hammadan ortiq sev.
- Bey: Sepkilligim qani?
- Asi: Gruppa tushlik.
- Ledi: 12:12
- Sevara: Lavash yevomman.
- Doni: Semiz.
Xullas, shunaqa yengil-yelpi, oldi-qochdi gaplar. Ora-orada ibratli fikrlar:
- Dunyo: Bu dunyo o‘tkinchi dunyo, unga ko‘p berilmang.
- Akbarova: Eh, yoshlar, yoshlar…
- Miss Adori: Berilishi eng oson narsa — maslahat, olinishi eng qiyin narsa — ibrat.
Sekin-sekin do‘sti Xurshidbekni bu balodan qutqaraman degan Bekzodni ham virtual olam o‘z domiga torta boshladi. Hayotda asqotadigan so‘zlar deyarli e’tiborsiz qoldirilar, aksincha, yengil-yelpi, tuturiqsiz gaplar ko‘p reaksiya to‘plar edi. "Nima bo‘pti, bu yer virtual olam bo‘lsa, hech kim bir-birini tanimasa, men ham yozsam nima qilibdi?" dedi bir kuni Bekzod o‘ziga-o‘zi.
Bekzod boshqalarni hayratga soladigan bir gap yozmoqchi bo‘ldiyu, hozir yozsa, do‘sti Xurshidbek tanib qoladiganday ismini Rustamga o‘zgartirdi. Bekzod Rustam ismini bekorga tanlamadi. Qishloqdagilar Bekzod bilan Rustamning qalin do‘stligini bilishar, "Ikkovingni kindiging bir", deyishardi. Haqiqatdan ham Bekzod do‘stini juda yaxshi ko‘rar, Rustam talaba bo‘lishni xohlagan universitetga u ham hujjat topshirgandi. Afsuski, Rustamga talaba bo‘lish nasib etmadi.
Bekzod keyingi yil Rustam bilan birga talaba bo‘lamiz deganida, otasi jahl bilan: "Erkak kishi irodali bo‘lishi kerak, sen xohlagan insonlar har doim ham yoningda bo‘lavermaydi, yo‘lga chiqdingmi, uni davom ettir", degan qat’iy talabi bilan poytaxtga yo‘l olgandi. Bekzod dastlab ko‘nika olmay ancha qiynaldi. Uyini, otasi, onasi va albatta, do‘sti Rustamni juda sog‘inardi. Bekzod xonadoshi Xurshidbekda Rustamning xislatlarini ko‘ra boshlagach, asta-sekin universitet hayotiga, poytaxt hayotiga o‘rgana boshladi.
- Ovchi: Sen qayerdan bilasan, vrachlarning hammasi tamagir.
- Dilnoza: Unday emas, o‘z kasbining fidoiy shifokorlari ham bor.
- Abu: Qornim to‘ydi, yotib uxlayman.
- Mr Tohir: Kecha futbolni kim ko‘rdi?
- Mirboboyeva: Yaxshi insonlar bormi?
- Shavkat: Men seni ko‘ryapman.
- Ovchi: Sen qayerdan bilasan, mishiqi, ishing tushmaganda kasalxonaga.
- Vasila: Nimala buvatti?
- Zulish: Ovchi, nega shifokorlarni yomonlayapsiz? Axir ular o‘z huzur-halovatlaridan kechib, begonalar hayoti uchun kurashadilar.
- Nilu: Hech kim yordamga kelmaydi. O‘rnimizdan turamiz va o‘zimizni o‘zimiz muammolardan xalos etamiz.
- Ledi: 15:15
"Nega endi hamma o‘zini o‘zi qutqarishi kerak, boshqalar tomoshabin bo‘lib o‘tirsinmi?" Bu orada turli xil bir-biridan keskin farq qiladigan fikrlar yozildi. Orada Dilnozaning ham asabiy fikri o‘tib ketdi. Shu daqiqadan boshlab Bekzod virtual olamda Rustamga aylandi.
— Rustam: Sen bir ahmoq bilan bahslashyapsanmi? Bilginki, u yerda ahmoq ikkita. Dilnoza, siz yaxshi insonsiz, tortishmang. Men ham shifokorlarni hurmat qilaman.
— Dilnoza: Rahmat, tortishmayapman. Shunchaki jahlim chiqib ketdi.
— Rustam: Shifokormisiz?
Dilnozaning onasi shifokor bo‘lib, o‘zi universitetning filologiya fakulteti talabasi edi. Dilnoza "kim bilib turibdi" dediyu: "Ha, shunaqaroq", deb qo‘ya qoldi.
— Rustam: Qayerdansiz?
— Dilnoza: Toshkent. O‘zingiz-chi?
— Rustam: Qarshidan. Keling, siz bilan do‘st bo‘lamiz.
— Asi: Tez mengayam reaksiya bosib yuboringlar.
— Bobur Buxarskiy: Reaksiya gadosi.
— Dilnoza: Mayli, faqat shu yerda.
— Amor Fati: Anu ikkalasi sevishishni boshladi. Sevishmanglar-o, odamni havasini keltirib.
— Guli: Uffffff, zerikarli.
— Aziz: Zeriksang menga yoz.
— Sherxan: Voy-vu, har kuni bittasini ilintirasanmi, bevafo?
— Ledi: 17:17
Ish vaqti tugayaptiki, "Dilnoza ham ishdan qaytayotgan bo‘lsa kerak", o‘yladi Bekzod.
— Rustam: O‘qishdan, ishdan qaytayotganlar, yo‘llarda ehtiyot bo‘ling. Siz ham ehtiyot bo‘ling.
Bu so‘zlar u uchun aytilganini Dilnoza sezdi va garchi o‘zi uyda bo‘lsa ham, "bu onam uchun" deb like bosib qo‘ydi. Bekzodning yuzida beixtiyor tabassum paydo bo‘ldi. Shu tariqa ular o‘rtasida iliq munosabat paydo bo‘la boshladi.
Kunlar, oylar o‘tdi. Bekzod virtual olamga sho‘ng‘ib ketdi. Faqat u endi Bekzod emas, balki Rustam edi. Bora-bora Bekzod o‘zini Rustam deb his qila boshladi. Dilnozaga bir necha bor to‘g‘risini aytmoqchi bo‘ldi, ammo Dilnoza uni yolg‘onchiga chiqarib, voz kechishidan qo‘rqdi. Bekzod doim Dilnozani kuzatar: kimga yozdi, kimga qanday reaksiya bosdi, telegramga qachon kirib, qachon chiqdi — hammasini hisoblab borardi.
— Rustam: Nega jinnilik qilyapsiz?
Dilnozaning qaysidir yigitning kulgili gapiga reaksiya bosganiga rashki keldi Bekzodning.
— Dilnoza: Nega endi bosmay? O‘zimga xon, o‘zimga bekman. Qolaversa, qo‘limni boylab qo‘yasizmi?
— Psixolog: Xayrli kun.
— Muzaffar: Ayollarning borligi biz uchun katta baxt.
— Visolabegim: Reaksiya bosay desam, tirnog‘im xalaqit beryapti.
— Rustam: Qo‘llaringizni tillo zanjir bilan boylab qo‘yay.
— Dilnoza: Shartmas. Siz va’da qilgan qizlaringizga beravering.
— Rustam: Hech kimga hech nima va’da qilganim yo‘q.
Bekzod bir necha kun avval bir ayol unga yozgani: "Bolam kasal, doriga yordam qiling, hozir kasalxonada pulsiz o‘tiribmiz", deb yolvorganiga ishonib, kartasidagi bor puli — o‘ttiz ming so‘mni o‘tkazib bergani, "bori shu, pul tushsa yana o‘tkazib beraman" degani esiga tushdiyu, yuragi shuv etdi. O‘sha voqeadan so‘ng Sevara ismli a’zo rosa gruppada: "Anu laqmaning oxirgi o‘ttiz ming pulini oldim", deb ancha ustidan kulgan. Har zamonda esa: "O‘ttiz ming kim beradi?" deb gap tashlab qo‘yishi Bekzodning jahlini chiqarardi. "Xo‘sh, anu laqma kim?" degan savollarga Sevara: "O‘ttiz ming ber, keyin javob beraman", deyishi Bekzodni jahl otiga mindirar, ammo hech nima deya olmasdi. Dilnozaning bu ishlardan xabari bo‘lmasada, Bekzod soddaligi uchun o‘zini o‘zi yomon ko‘rib ketardi.
Shunchaki tanishuv bilan boshlangan yozishmalar oxir-oqibat sevgiga aylandi. Hech qachon ko‘rmagan, bilmagan Dilnozani Bekzod sevib qoldi. To‘rt oy ichida Bekzod Dilnozaga ikki bor sevgi izhor qildi. Buni barini o‘ziga yozar, keyin esa Dilnoza uni bloklab qo‘yardi. Bekzod esa "Boshqa bunday qilmayman, blokdan chiqaring" deb rosa yalinar, o‘n-o‘n besh kun o‘tib bunga erishardi. Guruhdagilar hayron: Rustam ismli bola kimga buncha xushomad qilyapti?
- Go‘zal: Rustamning sevgilisiga havasim keldi.
- Hasan: Sen boshqalarning sevgisiga havas qilma, faqat meni de.
- Go‘zal: Kimsiz? Yozmang menga.
- Nigoraxon: Tavba, bu virtual olam, haqiqiy hayotga qaytinglar.
- Asmo: Yo‘qliging sezilsa, demak, kerakli insonsan.
- Rustam: Siz menga keraksiz. Blokdan chiqaring.
- Jasurbek: Zerikkanlar bo‘lsa yozinglar, lichkam ochiq.
- Amor Fati: Guruhda sevishmanglar, odamni havasini keltirib.
- Abu: Kim kimni sevyapti, biz ham bilaylik.
- Maxlishka: O‘tiribsizlarmi bir-birlaringni aldab.
- Dilnoza: Yo‘q, umid qilmang, ikki marta imkon berdim. Boshqa so‘ramang.
Dilnoza tabiatan sho‘x, lekin bundan ikki yil avval otasi to‘satdan olamdan o‘tganidan so‘ng odamovi qiz bo‘lib qolgandi. Otasi har tong "KO‘NGLI OQ DILI NOZIGIM" deb uyg‘otar, bu erkalashlari Dilnozaga juda yoqardi. Bir safar o‘zaro yozishmalarda buni Bekzodga aytgan, Bekzod esa: "Endi men sizni guruhda har tong shunday uyg‘otaman", deganida:
— Yo‘q, Rustam aka, buni boshqalar bilishini xohlamayman, — degandi.
"Meni onam esa biror yomon ish qilib qo‘ysam JINNIVOY deb koyirdilar". Bekzod bu so‘zni Dilnozadan eshitishni xohlar, xuddi onasi kabi Dilnoza ham uni "JINNIVOY" deb erkalashini xohlardi. Ammo Dilnoza bu so‘zni na o‘ziga, na guruhda biror marta yozmadi.
— Bo‘pti, — dedi Bekzod, — unda men har tong guruhda "K.O.D.N. uyg‘oning" deb yozaman, siz esa "KO‘NGLI OQ DILI NOZIGIM" deb tushunib olasiz.
Dilnoza hech nima demadi, ammo rozi ekanini Bekzod sezdi. Shundan so‘ng har tong "K.O.D.N. uyg‘oning", har kech esa "K.O.D.N. yaxshi tushlar ko‘ring" degan so‘zlar paydo bo‘lar, bu jumboq so‘zlarning ma’nosini guruhdagilar tushunolmay hayron edilar.
- Gulzoda: Rustam, juda jumboqli inson ekansiz. K.O.D.N. nima, biz ham bilaylik. Mabodo agent 007 emasmisiz? Hech bilib bo‘lmaydi kimga yozganingizni.
- Rustam: Bu so‘zlarning o‘z egasi bor. Bu shunchaki siz uchun harflar, egasi uchun qadrli so‘zlar. Buni hamma bilishi shartmas.
Dilnoza bu so‘zlarni har tong o‘qir, shunchaki to‘rtta harfdan iborat so‘zni xuddi otasi kabi bir mehribon inson aytayotgandek edi. So‘nggi bor Bekzod Dilnoza bilan yozishganda u bilan uchrashishni, uni baribir Qarshiga olib ketishini aytganda Dilnozaning yuragida hadik paydo bo‘ldi. Dilnoza oilaning yolg‘iz farzandi bo‘lib, otasidan keyin onasi unga, u esa onasiga qattiq suyanib qolgandi. Bir safar onasiga: "Men uzoqroqqa turmushga chiqsam, men bilan ketasizmi?" degan savoliga, onasining: "Bu yerdan men faqat otangni oldiga ketaman", deb javob bergani, shundan so‘ng Dilnoza Rustam bilan munosabatlarini butunlay to‘xtatish kerak degan qat’iy qarorga kelgandi.
Aksiga olib Bekzod ham oilaning yolg‘iz farzandi bo‘lib, ota-onasidan uzoqda yashay olmasligi, qolaversa qishloqdagilarning "Bekzod ichkiyov bo‘lib ketibdi" degan gaplarini otasi ko‘tara olmasligini bilar, Dilnozaning "Poytaxtga kelsangiz bo‘lmaydimi?" deb bergan savoliga "YO‘Q" deb qat’iy javob bergandi.
Dilnoza kun sayin Rustamga e’tibor qilmas, uning yozganlari qolib boshqalarga javob berar, bu esa Rustamni, ya’ni Bekzodni asabiylashtirardi.
— Rustam: Qo‘ying endi jinnilikni, blokdan chiqaring, gaplashib olaylik.
Dilnoza ham asabiylashar, ikki o‘t orasida qolgandi. Ammo ona mehri sevgidan ustun kelar, qani endi buni Rustam tushunsa.
— Dilnoza: Aslo.
— Ledi: 19:19.
— Nega unga yalinyapsiz, Rustamjon? Axir u sizni nazariga ilmayapti-ku, sizni anchadan beri kuzataman, — deb yozdi Miss Adori nomi ostida sharhlar yozuvchi bu hokisor kishi Rustamga achinib. — Qo‘ying uni o‘z holiga. "Qadringga yetganlar bilan bo‘l", degan ibratli gap bor.
Bekzod: "Uni yaxshi bilaman, u bunaqa emas, negadir atayin shunday qilyapti", deb yozdi. Bunga javoban Miss Adori: "Mayli, ukam, haqiqiy hayotga qayting. Baxtingizni o‘sha yerdan izlang", deb qo‘ya qoldi.
- Shohjahon: Meni hech kim sog‘inmadimi?
- Olim: Buni uyingdagilardan so‘ra.
- Dilnoza: Mana, biz sog‘indik, Shohjahon aka. Guruhda yaxshi gaplar yozib turardingiz. Ko‘rinmay qoldingiz.
- Shohjahon: Rahmat, singlim, e’tibor uchun. Ishlar bilan band edik, endi siz uchun tez-tez ko‘rinib turamiz.
- Dilnoza: Biz kutamiz.
- Rustam: Siz bilan alohida gaplashib olishim kerak, blokdan chiqaring.
- Dilnoza: Shohjahon aka, sizni muxlisangiz kutyapti, biror gap yozing.
Dilnoza bu gapni atayin yozdi: "Rustam hozir uni haqorat qiladi-da, keyin ko‘ngli soviydi", deb o‘yladi. "Ahmoq ekansiz, sevgiga arzimaysiz. Hammaga osiladigan yengiltak qiz ekansiz. Essiz sizga ketgan vaqtim". Dilnoza shu so‘zlarni kutdi.
Dilnozaning yigitlarga reaksiya bosganida rashki olov bo‘ladigan Bekzod uchun bu so‘nggi hukm edi. Karaxt bir ahvolda ko‘ksini changallagan Bekzod bir kosa muzday suvni bir ko‘tarishda ichdi-yu, Dilnozaga so‘nggi so‘zini yozdi.
— Rustam: Xayr, baxtli bo‘ling. Har tong sog‘-omon uyg‘oning, K.O.D.N.
— Ledi: 22:22
Dilnoza qariyb bir hafta hech nima yozmadi. Biror gap yozar deb Rustamni izladi. Afsuski, Rustam guruhni butunlay tark etgan edi. Dilnoza chamasi bir oylar "Xayrli tong", "Xayrli kun", "Xayrli kech" kabi so‘zlarni yozib turar, Rustam javob beradi deb kutardi. Nega Rustamni kutayotganini o‘zi ham bilmas, axir Rustam bilan orani ochiq qilishni o‘zi xohlagan edi-ku. Endi esa o‘z yog‘iga o’zi qovurilmoqda edi. Boshqalar Dilnozaga yozishar, u esa javob bermas, kim nima yozgani uni qiziqtirmasdi.
— Abu: Voy-bu, Dilnoza deganlari buncha kibr bo‘lmasa, o‘n marta yozdim, javob bermadi.
Dilnoza bu gap-so‘zlarga e’tibor qilmadi, ammo "Shu kibrim tufayli bir yaxshi insonni xafa qildim", deb o‘yladi. Dilnoza Rustamni ko’p o‘ylar, ba’zan kechalari xudbinligi uchun yig’lab chiqardi. Dilnoza nihoyat oradan bir oy o’tib "Rustam meni o’qiyapti" degan umid bilan quyidagi so’zlarni yozdi:
— Dilnoza: Assalomu alaykum, xayrli tong, uyg’oning, JINNIVOY, sizni K.O.D.N. keldi.
Dilnozadan xuddi Rustamdan so‘rashgani kabi "K.O.D.N. nima?" deb so’rashdi. Rustam o‘shanda "bu shunchaki bosh harflar" deb javob bergandi, Dilnoza esa indamay qo‘ya qoldi. Dilnozaga nihoyat javob keldi:
— Miss Adori: Siz uni yo‘qotdingiz, uni izlamang, hurmatli K.O.D.N.
Miss Adorining bu so’zlaridan so’ng Dilnoza Rustamni topishdan umidini uzdi va guruhni butunlay tark etdi. Nihoyat, virtual olamda yaralgan sevgi o‘z nihoyasiga yetdi. Rustam ham, Dilnoza ham o‘z olamlariga sho‘ng’ib ketishdi.
— Fizika-matematikada o‘qiydigan bir bola kitob chiqardi, sizlar bo‘lsa jim yuribsiz, hurmatli adabiyotchilar, — kesatdi tyutor.
"Qani, o‘sha buyuk asarni bir ko‘raylik-chi". Dilnoza Nargizdan ixchamgina kitobni olarkan, beixtiyor muallifiga qaradi:
Bekzod Alimov. SENSIZLIK.
Dilnoza kitobchani ochib birinchi jumlalarni o’qiy oldi xolos:
"Uyg’oning, K.O.D.N."
Dilnoza darslar qanday o’tdi, nima topshiriqlar berildi — eslay olmadi. Xayollarga cho‘mgan holda yosh yozuvchi bilan uchrashuvni kuta boshladi. Darslar tugagach, Dilnoza Nargizni unday boshladi:
— Yur, tezroq faollar zaliga boramiz.
— Jinnimisan, hali bir soat vaqt bor. Sen borganing bilan "Dilnozxonim keldilar" deb boshlab yuborarmidi? Ko‘rasan o‘sha yosh yozuvchingni.
Nargizning bu gapidan so’ng Dilnozaning yuragi yana ham qattiq ura boshladi. "Yosh yozuvching…" Nahotki bu Rustam bo‘lsa?
— Yur, ketdik, tushlik qilib olaylik, kutib turadi o‘sha yosh yozuvching, — Dilnozaning xayollarini bo‘ldi Nargiz.
So‘nggi olti oy ichida Dilnozaning yuziga birinchi bor tabassum yugurdi. Yosh yozuvchi bilan uchrashuv qiziqarli o’tdi. Avvaliga Bekzod o’zini biroz noqulay his qilgan bo’lsa, bora-bora savollarga dadil javob bera boshladi.
— Siz o’zingiz shu holatga tushganmisiz? — degan savolga Bekzod:
— Har birimiz, agar internetdan to‘g’ri foydalanmasak, tushishimiz mumkin, — deb javob berdi.
— K.O.D.N. — bu harflarning sirini ochasizmi?
— Bu shunchaki bosh harflar.
Uchrashuv tugagach, Bekzodni muxlislari o’rab olib dastxat ola boshlashdi. Nihoyat, zalning birinchi qatorida o’tirgan, ko‘zlari bir necha bor to‘qnash kelgan, Bekzodga biroz kibrli tuyulgan qiz:
— Menga ham dastxat berasizmi? — deb so’radi.
— Mayli, ismingiz nima?
— Ismimni yozishingiz shartmas.
— Xo’p, unda nima deb yozib beray?
— Uyg’oning, KO‘NGLI OQ DILI NOZIGIM deb, JINNIVOY.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0