Kuz. Oktyabr oyi yomg'ir bilan boshlandi. Kunlarim har doimgiday deyarli bir xil o'tardi. Ammo men har tong ertalab derazamni ochib, bugungi kun albatta boshqalariga o‘xshamasligini chin dildan his qilardim. Bugun ham shu odatimni bajardimda, yomg'ir havosidan to‘yib nafas oldim. Kunlar sovib boshlagani xonamga deraza orqali kirayotgan shabadaning muz kabi salqinligidan bilina boshlagandi. Biroz turgach, devordagi soatga qaradim, u menga ish vaqtim boshlanishiga 1 soat vaqt qolganini ko‘rsatardi. Derazadan so'nggi bor osmonga va ko'chada shoshib yurgan insonlarga nazar tashladimda, men ham ishga borish uchun tayyorlana boshladim.
Kunimni odatda shunday boshlayman, uyim ixchamgina, eng ajoyib tarafi, hamma narsa o‘zimniki, o‘z mehnatim evaziga erishgan kichik makonim desam ham bo'ladi.
Uyni qulflagach, lift tomon bordim, soat hali 8 bo‘lishiga qaramay, lift deyarli har bir qavatga to‘xtab o‘zi bilan insonlarni olib tushardi.
Nihoyat eshiklar ochildi va ularga men ham qo‘shildim. Lift turli yoshdagi insonlar va har xil atir hidlari bilan to‘lgan edi.
Barchamiz yo‘lak orqali ko'chaga chiqdik va shoshqaloq olamon orasiga singib ketdik. Ba'zilar qo‘lida ertalabki qahvasi bilan ishga xovliqqancha yurib borar, yana kimdir qo'lidagi bir parcha temir matoxga termulgancha ketar, bolalar esa umuman o‘zgacha, o'zlarining orzulariga to'la dunyosida do‘stlari bilan suhbatlashgancha o‘qishlari tomon ketardi.
Men esa ularni kuzatgancha avtobus bekatiga yetib keldim va manzilimga eltib qo'yadigan avtobusni uzog'i bilan 3 daqiqacha kutdim. Bugun omadim keldi chog‘i 3 bekatdan ham uncha ko‘p yo'lovchilar chiqmadi va o‘rindiqda o‘tirib ketishga muvaffaq bo'ldim. Tushgan bekatimdan 10 qadamcha narida ajoyib bir qahvaxona bor. Men avval o‘sha yerda turli lavozimlarda naqd 3 yil ishlaganman. Qahvaxona ishchilari xuddi oilamdek bo‘lib ketgan, har kuni nonushtani shu yerda qilaman, xatto o‘zimning maxsus joyim ham bor. Eshikdan kirishim bilan qabulxonadagilar meni tanishadi va " " har doimgidekmi? " deb so‘rashadi, ularga kulib bosh irg‘ayman va o‘z odamlardan xoliroq bo'lgan burchakda joylashgan stol tomon borib o‘tirdim. 5 daqiqaga qolmay stol ustida men yaxshi ko'rgan va hech qachon yeyishdan bezimaydigan kamtarona nonushta paydo bo‘ldi. Deyarli yarim soatlik nonushtadan so‘ng hisobni to‘ladimda, tashqariga chiqib ishim tomon ya'ni shu ko‘cha oxirida joylashgan shahar kutubxonasi tomon yurdim.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0