1275 soʻz6 daqiqa oʻqishRoʻyxatdan oʻtmasdan ochiq
OPPOQ LOLA
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonlarda bir o‘rmon bo‘lgan ekan. Bu o‘rmonda barcha hayvonlar ahil yashashar, qushlar shoxdan shoxga qo‘nib, bir-biriga jo‘r bo‘lib sayrashar ekan. Ayiq inida asal yalab, qoplon dumini likillatib, zebralarni tomosha qilar ekan.Bo‘ri esa bolalariga o‘zining naqadar baquvvat va aqlli ekanini, qanday qilib to‘dasini boshqarishini so‘zlab berar, ularga ham otasidek kuchli va dono bo‘lishni uqtirar ekan.O‘rmon shohi Sher esa o‘z yordamchisi Tulkining kundalik xabarlarini tinglarkan. Tulki unga quyonlarning sakrab o‘ynashi, ilonlarning o‘tlar orasida o‘rmalashi, qarg‘alarning tinimsiz qag‘illashi va sirtlonlarning yana kimning ovini buzish payida ekanini aytib berarkan.
O‘rmonda hammasi tinch ekanini bilgan Sher xotirjam o‘rnidan turib, bir kerishibdi-da, sokin qadamlar bilan o‘z go‘shasiga yo‘l olibdi. U yerda bolalari bilan biroz o‘ynab, so‘ng uyquga ketibdi.Shu tariqa o‘rmon hayoti davom etaveribdi.O‘rmonning turli burchaklarida rang-barang gullar ochilib, go‘zallikda bir-biridan o‘zishga urinarkan. Ular goh quyoshga, goh daryoga, goh qushlarga yuzlanib, o‘z yaproqlarini mag‘rur silkitishar ekan.
Kunlarning birida kutilmaganda jala quyibdi. Osmonni qora bulutlar qoplab, daryo to‘lib-toshibdi. Yomg‘ir tingach, o‘rmon yana yasharib, yanada gurkirab ketibdi. Bulutlar orasidan quyosh mo‘ralab, butun olamni o‘z nurlari bilan yoritishni boshlabdi.Gullar ham xuddi quyoshni sog‘ingandek, yaproqlarini birin-ketin noz-karashma bilan ocha boshlabdilar.Ammo o‘rmon gullari orasida bir g‘alati gul bor ekan. U hali g‘uncha holida bo‘lib, hech ochilmas ekan. Shu qadar nafis ediki, unga qaragan kishi o‘zini go‘yo jannat bog‘ida yurgandek his qilarkan.Boshqa gullar o‘z yaproqlari, urug‘lari va tikanlari bilan maqtanishar, u esa indamay turaverarkan.Oradan vaqt o‘tib, g‘uncha bo‘y cho‘za boshlabdi. Uning tanasida asta-sekin barglar paydo bo‘libdi. Boshqa gullar hayratda qolishibdi: bu gulning barglari shu qadar go‘zal ekan-ki, ular orasidagi yashil chiziqlar va kataklar mukammal joylashgan, hech bir chiziq boshqasini takrorlamas ekan.Go‘yo Buyuk Parvardigor uni shunchalik go‘zal yaratgan ekanki, hatto Oy ham uning husnidan xijolat tortarmish.
Nihoyat, kunlarning birida gul ochilibdi. Uning yaproqlari oppoq bo‘lib, mayinlik bilan yoyilibdi. U quyoshga qarata shunday nafis tabassum qilibdiki, quyosh ham uyalganidan yuzini bulut ortiga yashiribdi.Gulning bag‘rida esa noyob bir mavjudot yashar edi. U go‘zal va nozik edi. Kunlarning birida u o‘zini barcha gullarga kapalak deb tanishtirdi.Gullar hayratdan yoqa ushlashdi. Axir, uning qanotlarida kamalakning yetti xil rangi mujassam edi! Kapalakning qanotlari shu qadar tovlanardiki, hatto daryoning mavjlari ham uning jilosiga teng kelolmasdi. Uning ovozi yoqimli, qomati kelishgan, raqslari esa maftunkor edi.
Bu xabar bir zumda butun o‘rmonga tarqaldi. O‘rmon shohi Sherdan tortib, eng mitti chuvalchanglargacha uni ko‘rishga oshiqdi.Kapalak esa qo‘shiq aytib, raqsga tushardi. Uning qanotlaridagi kamalak ranglari barchani hayratga solar, ovozi esa o‘rmonga o‘zgacha tarovat bag‘ishlardi. Hamma uni olqishlar, uning go‘zalligiga mahliyo bo‘lib, maqtovlar yog‘dirardi.
Ammo vaqt o‘tishi bilan uning qanotlaridagi jilolar asta-sekin so‘na boshladi. Avval ranglar xiralashdi, keyin esa qanotlari tobora rangsizlanib bordi. Bir vaqtlar ko‘zlarni quvontirgan kamalak ranglaridan asar ham qolmay, qanotlari xira va rangsiz holga keldi.Xuddi bir paytlar beg‘uborlik bilan ochilgan o‘sha oppoq gul kabi.Kapalak endi avvalgidek qo‘shiq aytolmas, raqsga tushishga ham madori yetmasdi. Buni ko‘rgan o‘rmon hayvonlari birin-ketin undan yuz o‘gira boshladilar.Bir vaqtlar uni olqishlagan, go‘zalligiga mahliyo bo‘lgan muxlislari endi yo‘q edi. Uning atrofida na maqtovlar, na hayratli nigohlar qoldi.Shunday qilib, kapalak yolg‘iz qoldi.U o‘zini g‘oyat katta bo‘shliq ichida his qilardi. Axir, kechagina u butun o‘rmonning diqqat markazida edi-ku! Uni qanotlaridagi ranglari, yoqimli ovozi va sho‘x raqslari uchun olqishlashardi. Endi esa hech kim uning holidan xabar olmasdi.Kapalakning ko‘z oldisi qorong‘ilasha boshladi...
Kapalak ko‘zlarini ochganida, o‘zini qop-qorong‘i bir xonada ko‘rdi. Uning qarshisida ulkan kvadrat turardi. Kvadrat ichida kamalakning yetti rangi aks etgan, biroq ularning barchasi g‘ira-shira, xira va to‘q tusga kirgan edi.Ranglar ustida esa g‘alati bir shakl ko‘zga tashlanardi.
Bu — inson ko‘zi edi.Kapalak soatlab o‘sha ko‘zga tikilib o‘tirdi. Uning xayolidan turli o‘ylar o‘tar, qalbida esa tobora kuchayib borayotgan alam va g‘azab jo‘sh urardi.Uni shu ahvolga solgan kim edi? Bir vaqtlar uni olqishlaganlar-chi? Nega endi hech kim uning yonida emasdi?
Savollariga javob topolmagan kapalak oxiri bir qarorga keldi.U o‘zini yolg‘iz qoldirganlardan, undan yuz o‘girganlardan qasos olmoqchi edi.
Shu zahoti uning qanotlari qora tusga kira boshladi. Kamalakning so‘nggi jilolari ham zulmat qa’riga singib ketdi.Kapalak ko‘zlarini qayta ochganida, yana o‘rmon ichida edi. U ulkan daraxtlardan birining bargiga qo‘nib turardi.U qo‘ngan zahoti barg qoraya boshladi. Qorong‘ilik shoxlarga, shoxlardan esa butun daraxtga tarqaldi. Ko‘p o‘tmay, daraxt ham qop-qora tusga kirdi.
Kapalak o‘zgarishni ko‘rib, sovuq bir mamnuniyat bilan shivirladi:
— Endi navbat sizniki. Siz ham men tushgan ahvolga tushasiz!Shundan so‘ng u o‘rmonning barcha tomonlariga uchib bordi. Qayerga qo‘nmasin, zulmat o‘sha joyni qamrab olardi. Daraxtlar qorayar, gullar so‘lar, atrofdagi ranglar birin-ketin yo‘qolardi.
O‘rmonni qop-qora zulmat egalladi. Go‘yo osmondan yorug‘likning o‘zi uzilgandek edi. Hayvonlar birin-ketin halok bo‘la boshladi. Bir vaqtlar qushlar sayragan, gullar ochilgan, hayot qaynagan o‘rmon endi sukutga cho‘mgan edi.
Ammo shu zulmat ichida birgina yorug‘lik saqlanib qolgan edi.U o‘rmonning qoq markazidan taralardi.Bu yorug‘lik shu qadar go‘zal va musaffo ediki, atrofni qoplagan zulmat ham uni yuta olmasdi.Kapalak bu nurni ko‘rib, unga tomon uchdi.Uning manbai — o‘sha oppoq Lola edi.
Kapalak oppoq Lolaga yaqinlashdi-da, uning yaproqlariga qo‘ndi.Ammo g‘alati bir hodisa yuz berdi.Kapalak qayerga qo‘nmasin, o‘sha joyni zulmat qoplar, ranglar yo‘qolardi. Biroq Lola uning qora qanotlari ostida ham oppoq va musaffo bo‘lib turaverdi. Aksincha, uning bag‘ridan taralayotgan nur tobora kuchayib borardi.Lola atrofidagi zulmatni yoritarkan, o‘rmonning ranglari birin-ketin qayta boshladi. Qoraygan daraxtlar yana yashillikka burkandi, so‘ligan gullar bosh ko‘tardi, atrofga hayot qaytdi. Kapalakning qanotlarida ham kamalak ranglari asta-sekin namoyon bo‘la boshladi.Kapalak buni ko‘rib, hayratdan qotib qoldi. Uzoq vaqtdan beri ilk bor qanotlarida ranglarni his qilardi. Go‘yo yo‘qotgan hayoti yana o‘ziga qaytayotgandek edi.Ammo bu mo‘jizaning o‘z narxi bor edi.O‘rmon qayta yashnagan sari Lola o‘z rangini yo‘qota boshladi. Uning oppoq yaproqlari so‘lib, tanasi asta-sekin zaiflashardi. U butun o‘rmonga hayot qaytarar, kapalakning qanotlarini yana ranglarga to‘ldirar, biroq o‘zi borgan sari so‘lib borardi.Kapalak esa buni kech anglab yetdi.Uning ko‘z o‘ngida Lola asta-sekin so‘ldi. Nihoyat, gulning so‘nggi yaproqlari ham kuchsizgina titradi-da, quyosh nurlariga singib ketgandek havoga tarqaldi.
Lola yo‘q edi.
O‘rmon qutqarilgandi. Kapalak yana rang-barang qanotlariga ega bo‘lgandi. Ammo bularning barchasi evaziga u o‘zini qutqargan yagona gulni yo‘qotgan edi.Kapalak Loladan ayrilganini anglagach, tinimsiz yig‘lay boshladi. U goh yerga, goh osmonga, goh o‘rmonning turli burchaklariga qarardi. Ammo Lola qaytmasdi.
Shunda u atrofdagilardan Lola haqida so‘ray boshladi.
— Bu gul qayerdan paydo bo‘lgan? Uning urug‘i qayerda? Unga o‘xshagan boshqa gullar ham bormi?
Hayvonlar va gullar unga faqat bir narsani aytishardi:
— Lola juda go‘zal gul edi...
Ammo uning qayerdan kelgani, qayerda yana shunday gulni topish mumkinligini hech kim bilmasdi.Kapalak qancha izlanmasin, savollariga javob topolmadi. Bora-bora uning umidi ham so‘na boshladi.Nihoyat, bir kuni uning oldiga Sher keldi.
U kapalakning mungli holiga qarab, sekin dedi:— Bu gulning nomi Lola edi. U senga ham, butun o‘rmonga ham hayot berdi.Kapalak bu so‘zlarni eshitib, boshini egdi.
Endi u Lolaning kim bo‘lganini, uning yo‘qotilishi qanchalik katta ekanini butun vujudi bilan his qilardi.Ammo anglash uchun hamma vaqt ham imkon topilavermas ekan.
Shundan so‘ng kapalak Lolaga o‘xshash boshqa gullarni izlashga tushdi. U o‘rmonlarni, keng dalalarni, uzoq vodiylarni kezib chiqdi. Har bir oppoq gulni ko‘rganida yuragida umid uyg‘onardi. Balki bu o‘sha guldir? Balki u izlagan
Lolani yana topar?
Ammo u izlagan gul hech qayerda yo‘q edi.Kapalak uzoq yo‘llarni bosib o‘tdi. Nihoyat, bir kuni tog‘ etagiga yetib keldi.
U yerda, yam-yashil o‘tlar orasida, o‘ziga tanish bir manzarani ko‘rdi.
Oppoq gul.
Uning yaproqlari xuddi bir vaqtlar o‘zi jon bergan Lolanikidek nafis edi. Kapalak hayajon bilan unga yaqinlashdi. Uzoq izlanishlardan so‘ng, nihoyat, o‘zi qidirgan gulni topgandek edi.Kapalak gulning oldiga kelib qo‘ndi.
Shu zahoti gulning yaproqlari birin-ketin ochila boshladi.
Atrofga g‘aroyib bir nur taraldi. Yashil maysalar, daraxtlar va tog‘ etagidagi barcha mavjudotlar ranglarga burkandi. Go‘yo butun olam qaytadan yasharib ketgandek edi.
Ammo bu safar bir narsagina o‘zgacha edi.
Lola oppoq bo‘lib qolaverdi.Kapalak esa asta-sekin kuchsizlana boshladi. Uning qanotlari qimirlamay qoldi. U gulning yaproqlari ustida so‘nggi bor turdi-da, jimgina jon taslim qildi.Lola esa ochilganicha turardi.
Kapalak endi yo‘q edi.Atrofdagi olam rang-barang tusga kirgan, hayot yana o‘z maromiga qaytgandi. Faqat oppoq Lola o‘zining musaffo rangini saqlab qolgan edi.Uning yaproqlari mayin titrar, go‘yo u ham nimanidir his qilayotgandek edi.
Ammo endi kech edi.
1-bob tugadi
Hozircha shu yerda tugaydi
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0