Kollej binosining baland shiftlari, darslar oralig‘idagi shovqin-suron va har doim qayergadir
shoshayotgan talabalar... Mening dunyom mana shu tartibsizlik ichidagi sokin bir orolcha
edi. Men sevgi haqidagi gaplarni eshitsam, miyig‘imda kulib qo‘yardim. "Yurak urishi",
"uyqusiz tunlar"... Bularning hammasi men uchun shunchaki arzon romanlarning syujeti
edi. Mening eng yaqin do‘stlarim — qalamim va oq qog‘oz edi.
Lekin taqdir bizning eng qat’iy qarorlarimiz ustidan kulishni yaxshi ko‘rarkan.
Hammasi oddiy tasodifdan boshlandi. Guruhimizdagi bir bola bilan yaqinlashib qoldik. U
chizgan rasmlarimni ko‘rib, hayratda qoldi va o‘zining suratini chizib berishimni so‘radi.
Men uning portretini chizib berganimdan so‘ng, guruhimizda "sirli iqtidorim" haqida gap-
so‘zlar tarqaldi.
O‘sha kuni u ham keldi.
U guruhdagi eng quvnoq, kirishimli va doim tabassum qilib turadigan qiz edi. Stolim
yoniga kelib, ko‘zlarida chaqnoqlik bilan erkalik aralash dedi:
— Eshittim, zo‘r chizar ekansiz. Meni ham rasmimni chizib berasizmi?Oddiy nigoh. O‘shanda hech qanday yashin urmagan, yuragim ham odatdagidek urib
turardi. "Ko‘ramiz," dedim e’tiborsizgina. U esa "Telegramdan rasmimni tashlab beraman,
xo‘pmi?" deb, javobimni ham kutmay jilmayib ketib qoldi.
O‘sha oqshom telefonimga uning rasmi keldi. Qalamni qo‘lga olib, qog‘ozga uning yuz
chizgilarini tushira boshlar ekanman, uning nigohiga uzoqroq tikilishga majbur bo‘ldim. Bu
mening mustahkam "qal’am"dagi birinchi darz edi.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0