Muzqaymoqning siri.
Marjona bir kuni ukasi bilan do‘konga chiqdi. Onasi unga:
— Qizim, mana bu pulga ikkita non olib kelinglar, — deb o‘n besh ming so‘m berdi.
Marjona ukasi bilan do‘konga kirib, ikkita non oldi. Sotuvchiga pul uzatganida, sotuvchi unga qaytim berdi.
Marjona qaytim pulga qarab turib, ko‘zining chetida muzqaymoqlarni ko‘rib qoldi.
“Onam bilmasa, bitta muzqaymoq olsam-chi?” deb o‘yladi u.
Keyin ukasiga qaradi.
— Ukajon, muzqaymoq yeysanmi?
Ukasining ko‘zlari chaqnab ketdi.
— Ha!
Marjona ikkita muzqaymoq oldi. Bittasini ukasiga berdi. Ikkinchisini esa uyga kiraverishdagi bir chetga yashirib qo‘ydi.
“Keyinroq, hech kim ko‘rmay turganda yeyman”, deb o‘yladi u.
Uyga kirishlari bilan onasi so‘radi:
— Qizim, nonga bergan pulimning qaytimi qani?
Marjona bir zum dovdirab qoldi.
— Non qimmatlabdi, oyijon. Ikkita non oldik. Qolgan pulga boshqa hech narsa ololmadik, — dedi u.
Onasi boshqa so‘ramadi.
Marjona esa ukasiga qarab, ko‘z qisib qo‘ydi. Ukasi esa sirni bilgan odamdek jim turardi.
Oradan biroz vaqt o‘tdi. Marjona darslarini tayyorlashga o‘tirdi. Kitoblarini ochib, daftarlarini chiqardi. Muzqaymoq esa butunlay uning yodidan chiqib ketdi.
Kech kirgach, ukasi onasiga:
— Oyijon, bugun opam menga muzqaymoq olib berdi! — deb yubordi.
Marjona bir sapchib tushdi.
“Voy, muzqaymoq!” — deb o‘yladi u.
Darrov eshik yoniga yugurdi. Yashirib qo‘ygan joyiga qaradi-yu...
— Voy-bo‘y! — deb yubordi.
Muzqaymoq allaqachon erib, faqatgina shirin va yopishqoq iz qoldiribdi.
Ukasining kulgisi eshitildi:
— Opajon, muzqaymoq ham sizni kutib o‘tirmabdi!
Marjona avval xafa bo‘ldi, keyin o‘zi ham kulib yubordi.
Onasi esa boshini chayqab:
— Qizim, birovdan yashirib olingan narsaning siri uzoqqa bormaydi. Yana muzqaymoqni yashirsang, keyingi safar uni muzlatkichga qo‘yishni unutma! — dedi.
Marjona uyalib:
— Xo‘p, oyijon. Endi sizdan yashirmayman, — dedi.
Ukasiga qarab:
— Sen-chi, mening sirlarimni hammaga aytaverasanmi? — dedi.
Ukasining javobi tayyor edi:
— Men aytmasam ham, muzqaymoqning o‘zi aytib qo‘yadi! — dedi.
Uy ichini kulgi qopladi.
Normurodova Go'zal
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0