SO‘ZBOSHI
Dunyoda davom etayotgan urushlar, begunoh insonlarning o‘limi, hukumatlarning adolatsizligi, ota-onalarning o‘z farzandlariga qilayotgan kechirib bo‘lmas shafqatsizliklari... Bunday muhitda go‘yo mahluq yoki manqurt bo‘lib voyaga yetayotgan bolalar taqdiri meni larzaga soldi. Bu tuyg‘ularimni qog‘ozga tushirishimga sabab bo‘ldi.
Men insoniyatga qanchalik jirkanch dunyoda yashayotganimizni ko‘rsatishni emas, aksincha, insoniyat Yerning o‘zida jannat yaratishga qodir ekanini bildirmoqchi bo‘ldim.
---
Aren ko‘zlarini ochdi.
Atrofida oppoq kiyimdagi odamlar turardi.
U ko‘zlarini qisib, ularning har biriga sinchiklab tikildi. Ulardan biri robot edi. Arenning yuragi hayajondan tez ura boshladi. Qarshisidagi odamga qarab, ehtiyotkorlik bilan so‘radi:
— Orqangizdagi robotmi?
— Ha. Bu yerdagilarning yarmi robot. Men esa yarim mashinaman. Kiborgman.
Aren g‘alati, chalkash nigoh bilan atrofga qaradi. Uzoq sukutdan so‘ng zo‘rg‘a:
— Qayerdaman? — deya oldi.
Vaziyatni tushungan shifokor unga sinchkovlik bilan qaradi.
— Xotirangizni qidiryapsizmi?
Aren indamadi.
— Bu normal holat. Uzoq kriouyqudan keyin deyarli hamma shunday uyg‘onadi. Miyangiz hali to‘liq faollashmagan.
— Demak... men hech narsani eslay olmaymanmi?
— Bu vaqtinchalik holat. Xotirangiz qaytadi. Balki to‘liq, balki qisman. Biz bu jarayonni tezlashtira olamiz.
— Qanday?
— Sizga eski hayotingizga oid video va suratlarni ko‘rsatamiz. Miya tanish obrazlarni ko‘rsa, xotiralar tezroq uyg‘onadi.
Aren orqa tomonda turgan, xuddi muhim holatni kuzatayotgandek sinchkovlik bilan qarab turgan olti kishiga ko‘z yugurtirdi.
— Savol bersam bo‘ladimi?
— Ha, albatta.
— Hozirgina bu yerdagilarning yarmi robot dedingiz. Lekin bu yerda faqat bitta robot bor. Qolganlari odam.
Doktorning yuzida yengil tabassum paydo bo‘ldi.
— Texnologiya!
Shifokor birdan ohangini o‘zgartirdi.
— Endi dam olishingiz kerak. Uxlashga harakat qiling. Bir necha soatdan keyin yana holingizdan xabar olaman. Savollaringizga shunda javob olasiz. Hozir esa dam olishingiz kerak.
Aren bosh irg‘adi.
Shu vaqt ichida qanday savollar berishimni o‘ylab olaman, deb ichidan o‘tkazdi.
Ko‘p o‘tmay, Aren o‘z xayollari og‘ushida uyquga ketdi.
---
Aren yana ko‘zlarini ochdi.
Avvalo nimanidir eslay oladimi-yo‘qmi, o‘zini tekshirib ko‘rdi.
— Farqi yo‘q... nima bo‘lsa ham eslasam bo‘ldi, — dedi u o‘ziga-o‘zi.
Karavotning oyoq tomonida hologramma yondi.
— Tabriklayman, Aren. 2578-yilga xush kelibsiz. Mening ismim Key.
Aren bir muddat jim qoldi.
— 2578?
— Ha. Siz 483 yil, 3 oy, 12 kun va 1 soat kriouyquda bo‘ldingiz. Men sizga xotirangizni tiklash va siz uchun mutlaqo yangi dunyoni o‘rganishingizga yordam beraman.
Key Arenning tibbiy ko‘rsatkichlariga qaradi.
— Tibbiy ko‘rsatkichlaringiz yaxshi. Endi ruhiy holatingizni tekshirishim kerak. Nimani his qilyapsiz?
— Deyarli hech nima. Shunchaki atrofda nimalar bo‘layotganini tushunishga harakat qilyapman.
— Bu yaxshi. Hammasi joyida. Hozir sizga bir nechta surat ko‘rsataman.
Ekranda qora sochli, ko‘k ko‘zli, taxminan uch yoshlar atrofidagi bolaning rasmi paydo bo‘ldi.
— Bu siz.
Aren suratga uzoq tikildi.
Birdan uning ko‘z oldida nimadir jonlandi.
Suratga olayotgan odam...
Dadam
— Nimani-dir eslayapsizmi? — so‘radi Key.
Aren ko‘zlarini yumdi.
— Adashmasam, bu suratni dadam olgan. Uning to‘liq yuzini eslay olmayapman, lekin... tasavvur qilyapman.
— Qoyil. Xotirangiz juda tez tiklanyapti. Kutilganidek.
Key biroz sukut saqladi.
— Miyangizdagi noodatiy faollik tufayli tiklanish jarayoningiz odatdagidan tezroq sodir bo‘lyapti.
— Qanday faollik?
— Shunchaki miyangiz atrofdagi axborotni juda tez qayta ishlardi. Uyqu vaqtida ham. Shu sababli sog‘lig‘ingizda jiddiy muammolar paydo bo‘lgan. Otangiz esa sizni qutqarish mumkin bo‘lgan kelajakgacha saqlab qolish uchun kriouyqudan foydalangan.
Arenning nigohi o‘zgardi.
— Dadam meni muzlatib qo‘yganmi?
— Ha. Siz jiddiy kasal bo‘lgansiz. Bu sizni qutqarish uchun so‘nggi chora bo‘lgan.
— Biz miyangizning faolligini pasaytirdik, tanangizni bunday yuklamalarga bardoshli qildik va genetik jihatdan kuchaytirdik. Endi sog‘lig‘ingizga xavf tug‘diradigan hech qanday kasallik yo‘q.
Arenning yuzida umid paydo bo‘ldi.
— Ota-onam ham menga o‘xshab kriouyqudan foydalanganmi? Hozir birga bo‘lishimiz uchun?
Key bir lahza jim qoldi.
— Afsusdaman, Aren. Ota-onangiz endi yo‘q.
Aren bir zum to‘xtab qoldi.
Bu so‘zlarning ma’nosini hazm qilishga urindi.
Go‘yo butun borliqda bir o‘zi qolgandek edi.
U nimanidir eslashga urindi.
Nimanidir his qilishga urindi.
Ammo hech narsa bo‘lmadi.
Aren bir nuqtadan ko‘zini uzmagan holda so‘radi:
— Qanday?
— Onangiz ahvolingiz og‘irlashishidan oldin avtohalokatda vafot etgan. Otangiz esa siz kriouyquga ketganingizdan keyin ham sizni qutqarish uchun ilmiy izlanishlarini davom ettirgan.
— Qanday izlanishlar?
Shu onda ekranda Arvidning suratlari paydo bo‘ldi.
Key davom etdi:
— Dadangiz, Arvid, sizni qutqarib qolishning yagona yo‘li miyani skaner qilib, uning elektron versiyasini yaratish deb hisoblagan.
Ekranda g‘alati qurilma yonida o‘ychan o‘tirgan Arvid paydo bo‘ldi.
— Lekin bu texnologiyani XXI asrda ishlatishning imkoni bo‘lmagan. Shuning uchun siz kriouyquda saqlab qolindingiz.
Ekranda vaqt o‘tayotgani aks etdi.
— So‘ng, oradan 16 yil o‘tgach, dadangiz ham kelajakda yolg‘iz qolmasligingiz uchun kriouyquni tanladi.
Aren ekranga tikilib qoldi.
— Unday bo‘lsa, dadam nega yo‘q?
— Dadangiz oradan 50 yil o‘tgach uyg‘otildi. Sababi inson miyasini skanerlash bo‘yicha nazariyaning eng ishonarli ko‘rinishi dadangizga tegishli edi.
Aren hech qanday savol bermadi.
Shunchaki ekranni kuzatishda davom etdi.
Key esa hikoyasini davom ettirdi:
— XXII asrda infratuzilma va davlat boshqaruvida inson omili juda jiddiy nazoratga olindi. Sun’iy intellekt, jumladan, muhim qarorlar qabul qilishda yoki kelajakda kutilishi mumkin bo‘lgan voqea-hodisalarni prognoz qilishda keng qo‘llanila boshlandi.
— Natijada sun’iy intellekt jamiyatning bir qismiga aylandi. Lekin sun’iy intellekt inson omilini yetarlicha hisobga olmagan holda jiddiy muammolarni keltirib chiqardi.
— Shu sababli dadangiz va bir qator olimlar inson miyasini skaner qilib, sun’iy intellekt bilan birlashtirish ustida ishlashdi.
Key bir lahza sukut saqladi.
— Bu orada dadangiz kriouyquni qayta davom ettirish uning hayoti uchun xavfli ekanini bilib qoldi. Kelajak uchun o‘z xotiralarini saqlab qolish maqsadida miyasini raqamlashtirish uchun skaner qildi.
Ekranda Arvidning miya skaneri jarayoni aks etdi.
— Raqamlashtirilgan miya sun’iy intellekt bilan birlashtirildi. Bu ikki qo‘shilma Echo deb nomlandi.
Arenning nigohi ekranda qotib qoldi.
— Lekin, afsuski, miyani to‘liq atom darajasida skanerlash sog‘liq uchun xavfli edi. Dadangiz ko‘p o‘tmay vafot etdi.
Ekranda sana paydo bo‘ldi:
2161-yil, 26-aprel.
— Birlashuv muvaffaqiyatli bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay Echo yangi muhitga moslashdi. Shu kungacha bo‘lgan yangi ixtirolar, yangi qonun-qoidalar ishlab chiqilishida juda katta rol o‘ynadi.
Keyning ovozi sokin edi.
— Ayniqsa, dunyoning to‘liq birlashishida asosiy rol o‘ynadi.
Arenning ko‘zlari og‘irlashdi.
— Miyangizni yangi ma’lumotlar bilan zo‘riqtirib qo‘ymaslik uchun o‘z xotiralaringizga qaytamiz.
Keyingi to‘rt soat Aren Key yordamida xotirasini tiklashga harakat qildi.
So‘ng yana uyquga ketdi.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0