Momoqaymoq va boychechak
Muallif: Ne'matjonov Diyorbek
Erta bahor. Quyosh chiqib turganda havo iliq, ammo soyaga o‘tishingiz bilan qishning sovuq nafasi seziladi. Ha, bu quyoshning hali soyalarda ham o‘z qudratini ko‘rsatishi uchun yetarlicha vaqti bor. Ariqlarda suvlar muzlamay qo‘ydi. Daraxtlarda kurtaklar yozilish uchun qulay fursat poylayotgan paytlar.
Tabiat kabi men ham qishki to‘nimni yengillashtirib, dam olish kunimdan mazmunli foydalanish uchun xonadonimdan tashqariga chiqdim. Ketma-ket kelgan ish kunlaridan so‘ng, bu kunni qanday o‘tkazish haqida ko‘p o‘ylagandim. Oxiri o‘zim yoqtirgan, Toshkentning bir chekkasida, tabiat bag‘rida joylashgan qahvaxonaga borib, bir chashka qahva hamrohligida mutolaaga berilishga qaror qildim. Avval metro, keyin avtobus, so‘ng taksi orqali bir amallab ulkan binolar bilan to‘lib borayotgan kulrang shahardan olisladim. Biroz piyoda yurib, nihoyat manzilga yetdim.
Naqadar go‘zal manzara! Shahardan chiqmaganimga ham ancha bo‘lgan ekan. Bu yerlar menga qishlog‘imni eslatib yubordi. Avval ham shunday bo‘lgandi. Esimda, bu yerga bundan oldin bir marta kelganman. O‘shanda shaharga begona edim. Yo‘ldan adashib, aynan shu qahvaxonaga kelib qolgan va u yerdagi bir xushmuomala qiz yordamida yo‘limni topib olgandim. (Birozdan so‘ng balki uni yana ko‘rarman...) Bugun esa bu yerga shunchaki hordiq uchun keldim. Ana, uzoqda yakka tutun ko‘rinyapti. Hoynahoy, issiqlik uchun o‘tin qalashgan. Atrofda bolalar kenglikda yayrab, hakalak otib o‘ynab yurishibdi.
Manzilga yetib keldim. Baribir shaharda yashamasliklari bilinadi-da — odamlari juda sodda, samimiy. Sotuvchilarga o‘zimni tanishtirib, avval bu yerga adashib kelganimni, endi esa hordiq uchun aynan shu maskanni tanlaganimni aytib, ularga o‘zimni eslatishga harakat qildim. Tanishmadi shekilli, lekin meni xafa qilmaslik uchun o‘zlarini eslagandek tutishdi. (Yaxshi odamlar...) Ikki kishilik joyga borib o‘tirdim. Yelkamdagi sumkani yechib, ichidan kitobimni oldim-da, qahva kuta boshladim. Atayin ikki kishilik joyni band qildim. O‘tgan gal menga xush yoqqan o‘sha qiz ehtimol bugun ham shu yerdadir... Agar kelsa, uni yonimga taklif qilarman, deb o‘yladim.
Atrofga tinmay alanglardim. Goh-gohida mashinalarda sayyohlar kelib turishardi. Bu yer Qozog‘iston va Toshkent chegarasida joylashgan kichik bir vodiy edi. Shu sababli bu yerga ko‘proq ko‘zlari qisiq, kulganida butunlay yopilib ketadigan qardoshlarimiz kelishardi. Darvoqe, o‘sha qiz ham qozoq millatiga mansub edi. Ko‘zlari endi yetilgan bodomdek, yuzi tiniq va oq, sochlari esa mayin shamolda hilpirab yuziga tegib turardi. Biroq bu unga hech ham xalal bermas, go‘yo shamol ham uning yuziga dag‘al tegishga botinolmasdi.
Qahvam yetib keldi. Uzoq kutganim — o‘sha qiz emas, qahva keldi. "Nasib qilmagan ekan," deb qo‘ydim o‘zimcha. Taqdir-da! Kayfiyatim biroz tushdi. Negadir hordiq maskanida ham o‘zimni xuddi ishda yurgandek his qila boshladim. Ehtimol, gap dam olishda emasdir? Balki, men bu yerga faqat o‘sha qizni qayta ko‘rish ilinjida kelgandirman? Ha, aniq shunday! Xayollar bilan band bo'lib, qahvam ilib qolganini sezmay qolibman. Kitobni ochmasdan, qahvani sekin sipqora boshladim. Atrofni kuzatdim. Darhaqiqat, bu yer qishlog'imni eslatadi. Bu kenglik, bu bolalar... Ular shamolda varrak uchirishga harakat qilishardi. Har birining o'z varragi bor. Adashib ketmasligi uchun ustiga ismlarini katta va bosma harflar bilan yozib qo'yishibdi. Yugurib kelib, menga yaqinroq yerda to'xtashdi. Bir bolakay yerga egilib, bahor darakchisi bo'lgan momoqaymoqni uzib oldi-da: "Momoqaymoq!" deya hayqirdi.
Shunda bolalar orasidan bir qizcha chiqib, gulni uning qo'lidan oldi va: "Bu momoqaymoq emas, boychechak-ku!" dedi. Bu momoqaymoq ekanligi menga kundek ravshan edi. Bolakay biroz jim turdi-da: "To'g'ri, bu boychechak," dedi. Men hayron qoldim.
Quyosh osmonning qoq markaziga yetgan, bolalarning varraklaridagi ismlar yerga soya tashlay boshlagandi. Faqatgina o'sha qizcha va bolakayning varraklari biroz og'ib turgani uchun ismlari bir-birining ustiga tushib qolgandi. Bolakayning ismi Aldiyar ekan. Qizaloqning ismi esa Aygerim.
Men ularni bir chetda kuzatib o'tirardim. Aldiyar! Hech qachon unutmagin bu ishingni! O'z haqiqatingdan tongan lahzangni katta bo'lganingda ham yodingda tutishing kerak.
Lekin ular e'tibor qaratmagan bir jihat bor: ismlari yerda birga ekanini ular hech qachon eslashmaydi. Buni esa faqatgina muallif, yani - men bilaman.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0