Lorien shahrida kuz boshqacha kelardi.
Bu shaharda yomg‘ir hech qachon shunchaki yog‘masdi. U eski ko‘chalarning xotiralarini uyg‘otar, derazalarga urilib, odamlarning ichida yashiringan gaplarni eslatardi. Daraxtlardan uzilgan sarg‘ish barglar nam asfalt ustida yotar, ko‘cha chiroqlari esa kun botmasidan yonishni boshlardi.
Men kuzni yaxshi ko‘rardim. Balki uning sovuqligi menga o‘xshagani uchundir.
Soat 07:15.
Budilnik jiringlashidan bir necha daqiqa oldin ko‘zimni ochdim. Men uchun har bir kun reja bilan boshlanishi kerak edi. Tartibsizlikni yoqtirmasdim. Ayniqsa, o‘z hayotimdagi tartibsizlikni.
O‘rnimdan turib, pardalarni ochdim. Deraza ortida yana yomg‘ir yog‘ardi.
— Ajoyib, — dedim o‘zimga sekin.
Bugun ham shahar kulrang edi.
Dush qabul qilib, sochlarimni taradim. Uzun, to‘q jigarrang sochlarim yelkamdan pastga tushdi. Oynaga qaradim. Ko‘zlarimda uyqudan qolgan biroz charchoq, yuzimda esa odatdagi jiddiy ifoda.
Men hech qachon oynaga uzoq tikilib turadigan ayollardan bo‘lmaganman. Tashqi ko‘rinishim haqida o‘ylashdan ko‘ra, bajarilishi kerak bo‘lgan ishlarim haqida o‘ylashni afzal bilardim.
Qora shim, oq ko‘ylak va ustidan uzun qora palto kiydim. Soatimni taqib, sumkamni oldim.
Nonushta qilishga vaqt ajratmadim.
Bu odatimni o‘zgartirishim kerakligini bilardim, lekin doim keyinga qoldirardim.
Soat 08:30 da ofisda edim.
Mening hayotim ko‘pchilik o‘ylagandek oson kechmagan. Hozir ikkita biznesim bor edi. Birinchisi — Mira Sport Club. Ikkinchisi esa oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaradigan kompaniyam. Biz yangi ta’mlar yaratish, turli retseptlar ustida ishlash va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanardik.
Bularning hech biri menga tayyor holda berilmagan.
Men hammasini noldan boshlaganman. Xatolar qilganman, pul yo‘qotganman, ishonch bildirgan insonlarimdan hafsalam pir bo‘lgan. Ba’zi tunlari uyqudan ko‘ra hisob-kitoblar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazganman.
Shuning uchun ham bugungi hayotimni hech kimning qo‘liga topshirishni istamasdim.
— Xayrli tong, Mira.
Kotibam eshik oldida ko‘rindi.
— Xayrli tong. Bugungi uchrashuvlarim jadvalini olib keling.
— Albatta. Yana bir narsa, ishlab chiqarish bo‘limidan yangi mahsulot namunalarini yuborishdi.
— Stolimga qo‘ying.
U bosh irg‘ab chiqib ketdi.
Ishga sho‘ng‘ib ketdim. Telefon qo‘ng‘iroqlari, hujjatlar, uchrashuvlar... Vaqt qanday o‘tganini sezmay qoldim.
Soat 16:40 bo‘lganda nihoyat kompyuterimni yopdim.
Bugungi ishlarim tugagan edi, ammo uyga qaytishga shoshilmadim.
Ba’zan inson hech narsa qilmasdan ham charchaydi. Men esa aynan shunday kunlarni ko‘p boshdan kechirardim.
Ofisdan chiqqanimda yomg‘ir biroz kuchaygan edi.
Haydovchim mashinani kirish eshigi oldiga olib kelganini ko‘rdim. Biroq unga qo‘ng‘iroq qilib, bugun o‘zim qaytishimni aytdim.
Bir oz piyoda yurishni istadim.
Shahar markazidagi eski ko‘chalardan birida kichkina qahvaxona bor edi. U yerga avval ham bir necha marta kirganman. Baland musiqa yo‘q, ortiqcha shovqin yo‘q. Faqat qahva hidi, kitoblar va deraza ortidagi yomg‘ir.
Eshikni ochishim bilan kichkina qo‘ng‘iroq ovozi eshitildi.
Ichkarida odam ko‘p emasdi. Deraza yonidagi bo‘sh stolni tanladim.
— Nima buyurasiz? — dedi ofitsiant.
— Qora qahva. Shakarsiz.
Sumkamni yonimga qo‘yib, telefonimdagi xabarlarni tekshira boshladim.
Bir necha daqiqadan so‘ng qahvam keldi.
Men birinchi qultumni ichishga ulgurmasimdan, yonimda shoshilgan qadam tovushlari eshitildi.
— Kechirasiz!
Kimdir stolim yonidan o‘tayotib, qo‘lidagi qahvani ustimga to‘kib yubordi.
Bir necha soniya jim qoldim.
Oq ko‘ylagimning yengi jigarrang dog‘ bilan qoplangan, stol ustidagi salfetkalar esa yerga tushib ketgan edi.
— Juda uzr. Sizni ko‘rmabman, — dedi u darhol.
Boshimni ko‘tardim.
Qarshimda baland bo‘yli, qora kiyimdagi bir yigit turardi. To‘q sochlari biroz nam, ko‘zlari esa... moviy edi. Oddiy moviy emas, yomg‘irdan keyingi osmon kabi tiniq.
Uning nigohida chinakam afsus bor edi.
— Ehtiyotkorroq bo‘lishingiz mumkin edi, — dedim sovuqqina.
— Ha, albatta. Ayb menda. Keling, kiyimingizni tozalash xarajatlarini men qoplayman.
— Kerak emas.
— Lekin men...
— Eshitdingiz-ku, kerak emas.
U bir zum jim qoldi. Keyin stol ustidagi salfetkalarni olib, menga uzatdi.
— Hech bo‘lmasa, salfetka oling.
— Rahmat.
Uning ortidan yana kimdir chaqirdi. Yigit boshini burib, keyin yana menga qaradi.
— Yana bir bor uzr.
— Mayli.
U ketdi.
Men esa uning ortidan qaramadim.
Ko‘ylagimdagi dog‘ni artib, telefonimga qaytdim. Bu kichik voqea kunimdagi boshqa noqulayliklardan biri edi, xolos.
Ammo oradan bir necha daqiqa o‘tib, ofitsiant stolimga kelib to‘xtadi.
— Xonim, haligi yigit sizga buni qoldirdi.
U kichkina qog‘ozni uzatdi.
Unda birgina jumla yozilgan edi:
«Ba’zi xatolarni tuzatib bo‘lmaydi, ammo ular uchun uzr so‘rash mumkin. Yana bir bor kechirasiz.»
Pastida esa hech qanday ism yo‘q edi.
Qog‘ozga bir necha soniya qarab turdim. So‘ng uni buklab, sumkamga solib qo‘ydim.
Nima uchun bunday qilganimni o‘zim ham bilmasdim.
Balki shunchaki tashlab yuborishni istamagandirman.
Qahvamni tugatib, qahvaxonadan chiqdim. Yomg‘ir hamon yog‘ardi. Sovuq shamol yuzimga urildi.
Men o‘sha kuni uyga qaytdim, odatdagidek dush qabul qildim, ertangi ishlarimni rejalashtirdim va uxladim.
U haqida boshqa o‘ylamadim.
Hech bo‘lmaganda, o‘zimga shunday dedim.
Chunki men hali bilmasdim: ba’zan hayotimizdagi eng katta o‘zgarishlar juda oddiy bir kundan boshlanadi.
Va ba’zan begona insonning
ismini bilmasdan turib ham, uning hikoyamizdagi o‘rnini sezib qolamiz.
O‘sha kun men uchun oddiy kun edi.
Uchun ham shunday bo‘lganmikan?
Davomi bor...
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
1Menga juda ham yoqdi davomi bormi?❤️