Yangilik o‘rmon ahliga juda tez tarqaldi. Quyoshli kunlarning birida, o‘ynoqi maymunchalar g‘alati hayvonga duch kelishdi. Tana tuzilishi mushuksimonlar oilasiga mansub bu jonzodning old panjalari maymunlarnikidek. Peshonasidan o‘sib chiqgan ikkita shoxchalarining go‘zalligi hammani hayratga solardi. Tumshug‘ida esa bir qarich uzunlikdagi xartumi osilib turar, tinmay atrofni hidlash uchun uyoq-buyoqga harakat qilardi.
Maymunchalar unga yaqin kelishga cho‘chib daraxtdan tushishmadi. Shoxdan o‘tirgancha qiziquvchanlik bilan uni tomosha qilishdi.
- Sen kimsan? Qaysi turga mansubsan? – sabirsizlik bilan bir maymuncha savol berdi.
- Men... men faqat sizlardek hayvon ekanligimni bilaman. Lekin qaysi turga mansubligimni o‘zim ham bilmayman, - dedi u va boshini biroz egib oldi. Qayg‘udan bo‘lsa kerak, xartumchasi o‘ramadek buralib qoldi.
- Qanaqasiga, jonzod o‘zi qaysi turdan ekanligini bilmasligi mumkin, - dedi boshqa maymuncha.
Shu vaqtda shoxdan shoxga sakrab katta maymun kelib qoldi. yunglaridagi oq tuklar, ko‘zlaridagi mahzunlikdan uning yoshi katta ekanligini sezish qiyin emas.
- Bir pastda qayerga ketib qoldingiza shumtakalar, - dedi qari maymun.
- Bobojon, unga qarang. U qaysi turdan ekanligini bilmas ekan. Siz yordam berarsiz, - maymuncha yerdagi g‘alati jonzodga ishora qildi.
- Qiziq, avval bunaqasini ko‘rganimni eslolmayman, - qari maymun g‘aroyib jonivorga tikilib qaradi. Keyin top etib yerga sakrab tushdi.
Qariya maymun g‘aroyib jonivorning atrofini aylanib chiqa boshladi. Uning har bir qismini sinchiklab kuzatib, yunglarini silab ko‘ra boshladi. Keyin jonivorning oldida to‘xtadi. Uning old panjalariga tikilib qoldi. Panjalar oldiga o‘zining panjasini qo‘ydi. Ular juda o‘xshash bo‘lib chiqgach quvonchdan g‘alati qiyqiriq ovoz chiqardi.
- Sen bizning turdansan. Qara panjalarimiz o‘xshash, demak sen ham maymun bo‘lsang kerak. Faqat juda uzoq qarindosh turdan.
- Shunaqami? – g‘alati jonivor o‘zining old panjalariga qarab, barmoqlarini qimirlatib qo‘ydi.
- Ure, bizni turdan ekansan. Endi biz bilan birga ketsang ham bo‘ladi, shundaymi? - qiyqirib yubordi maymuncha.
- Agar o‘zi xohlasa, borishi mumkin, - muloyimlik bilan izn berdi qariya maymun.
Kichkina maymuncha g‘aroyib jonzodga yaqinlashgan ham ediki, butalar ortidan hayqirgancha qoplon chiqib keldi. Maymunlar ovozlari boricha chirqillab daraxtlarga chiqib qochishga tushishdi. G‘aroyib jonzod ham ular ortidan daraxtga chiqishga qancha urinmasin, hech qo‘lidan kelmadi. Ammo u taslim bo‘lishni istamasdi. Maymunlarning qo‘rquvi unga ham o‘tgandi. Uni kuzatib turgan qoplon unga ohista yaqinlashib kela boshladi. Ammo uning nigohida o‘ljasiga yaqinlashib kelayotgan yirtqichning nigohidan asar ham yo‘q.
- Nega daraxtga chiqmoqchisan? – so‘radi qoplon.
- Qochishim kerak. Maymunlar sendan qo‘rqdi. Men ham maymunman, ular qilgan ishni qilishim kerak, - shoshib gapirardi g‘aroyib jonzod.
- Nima, maymun man? – qoplon yerga yumalab kula boshladi. Uning kulgisi g‘aroyib jonzodni hayratga solardi. – Maymun man emish. O‘zingga bir qara. Tanang menikiga o‘xshaydiku. Orqa oyoqlaring ham meniki bilan bir xil. Sen qoplonsan. O‘zi hayron bo‘lgandim, nega maymunlarga tashlanmayapsan deb. O‘zingni maymun man deb yurgan ekansanda, - yana kula boshladi qoplon.
- Haqsan, rostdan ham senga o‘xshayman. Maylimi sen bilan birga yursam. Qoplon bo‘lishni menga o‘rgatasan.
- Shu ish bilan seni noto‘g‘ri yo‘ldan qutqarib qoladign bo‘lsam, mayli roziman. Ketdik, qornim och ov qilamiz. Ko‘pdan quyon qochib qutulmas, yordamlashasan.
Qoplon tezda jiddiy tortib, daraxtlar orasida sassiz yurib keta boshladi. G‘aroyib jonzod ham uning ortidan ergashdi. Ular deyarli gaplashishmadi. G‘aroyib jonzod qoplon bo‘lish jim yurish lozimligidan boshlanadi deb o‘ylab, qoplonni ortiqcha savolga tutmadi.
Bir fursat daraxtlar, baland o‘zgan butalar oralab yurishgach, qoplon taqqa to‘xtab qoldi. atrofga alanglab yurgan g‘aroyib jonzod unga urilib ketdi.
- Nima qilyapsan, hozir uni cho‘chitib yuborasanku? – dakki berdi qoplon uzoqdagi quyonni ko‘rsatib.
- Uzr, nima qilyapmiz o‘zi?
- Ov. Anovi quyon bizning o‘ljamiz. Ovoz chiqarmasdan, iloji boricha unga yaqinlashishimiz kerak. Keyin kutilmaganda hujum qilamiz. Tutolsak qorin to‘yadi.
Qoplon va uning sherigi asta sekinlik bilan yurib quyonga yaqinlashib borishdi. Baxtlariga quyon ularni sezmay, ovqatlanishda davom etardi.
- Olg‘a, - deya qoplon darrov pisib o‘tirgan joylaridan chiqdi.
G‘aroyib jonzod ham uning ortidan ergashdi. Quyon so‘ngi soniyalarda chap berishga ulgurib, tezda yugurib qocha boshladi. Qoplon ham uning ortidan qolmadi. Ko‘z ochib yumguncha ikkalasi ham g‘oyib bo‘ldi. G‘aroyib jonzod tez yugurolmadi. Qoplonni izini yo‘qotib qo‘ydi. Ovozini boricha qoplonni chaqirdi. Ammo javob kelmadi. Shundan keyin boshi oqgan tomonga qarab yura boshladi.
Qancha yurganini bilmaydi. Agar ikki kiyikning bir-biri bilan urushayotganini ko‘rib qolmasa, yurishda davom etardi. Ikki kiyik orqasi bilan yurib keyin to‘xtashar va shahd bilan bir-biriga oshiqib shoxi bilan suzishardi. Bir kiyik ortga yurayotganda, shoxini daraxtning shoxlariga o‘ralashtirib oldi. Ikkinchisi bunga etibor bermay jangni davom ettirmoqchi edi.
- Extiyot bo‘l, - deya baqirdi g‘aroyib jonzod.
Tabiiy ravishda o‘zi butalar orasidan chiqib, ikkinchi kiyik tomonga yugurdi. Ikkalasi yaqin kelganda g‘aroyib jonzod ikkinchi kiyikga zarba berdi. Uning shoxlari hali kichkina bo‘lsada, tanasi kiyiknikidan ancha baquvvat bo‘lgani uchun ikkinchi kiyikni yiqitib yubordi. Kiyik o‘rnidan qayta turar ekan, g‘aroyib jonzodga qarab qo‘ydi va ortiga qaytib ketdi.
- Sen qanday jonivorsan? – deb so‘radi kiyik, u shoxlarini allaqachon halos qilib olgandi.
- Men qoplonman.
- Qoplon, nega unaqa deb o‘ylaysan. Seni qanday suzganingni ko‘rdim. Shoxing ham bor. Sen kiyiksan.
- Rostdanmi? – hayron qoldi g‘aroyib jonzod.
- Ha, boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas, - ishonch bilan gapirdi kiyik.
- Unda ayt, men nima yeyishim mumkin. Qornim o‘lgudek och.
- Yegulik sening atorfingdaku. Ko‘rib turgan yashilliging kiyiklarning ozuqasi.
G‘aroyib jonzod bu gapni eshitishi bilan atrofdagi butalarga qaradi. Ularga yaqinlashib bargidan tishlab uzdi. Uzoq kavshab yutib yuborgach, unga yoqganini tushundi. Anchadan beri ochlik hissini tuyib yurganligi uchun tinmay ovqatlanishni boshladi.
- Podamiz ketyapti. Yur biz bilan, - dedi kiyik.
Lekin g‘aroyib jonzod uning gaplarini eshitmadi. Hayolida faqat ochlik hissini qondirish bo‘lgani uchun unga e’tibor qilmadi. Kiyik uzoq qololmasdi. Podasi ketib qolsa yolg‘iz holatida oson o‘lja bo‘lishini bilardi. Shu uchun ham ketishga majbur bo‘ldi.
G‘aroyib jonzod qornini to‘yg‘azib olgach yana yolg‘iz qolganini sezdi. Biroz afsuslandi. Kiyik bilan birga ketishni juda istagandi. Biroq yana o‘zi yo‘lda davom etishi kerak.
Bir necha kun faqat to‘g‘riga yurib, o‘rmonni kesib chiqdi. Qandaydir bepoyon ko‘ringan maydonga chiqib qoldi. shunda ham yurishda davom etdi. Quyoshning tafti oshib borar. Tashnalik uni qiynashni boshlagandi. Shunda bir suvlik oldidan chiqdi. U yerda fillar to‘dasi joylashib olib, xartumlari bilan ustlariga suv sepishardi.
- Suv ichsam bo‘ladimi? – fillarga yaqin kelib izn so‘radi g‘aroyib jonzod.
- Ha albatta, - muloyim javob qaytardi fillardan biri.
- Seni avval ko‘rmagan ekanman. Qanday turdansan? – so‘radi boshqa bir fil.
- Men kiyikman, - javob berdi g‘aroyib jonzod suv ichayotib.
- Bo‘lishi mumkin emas. Axir senda xartum borku.
- Xartum? U nima? – hayron bo‘ldi g‘aroyib jonzod.
- Mana bu xartum, - dedi bir fil xartumi bilan g‘aroyib jonzodning tumshug‘idagi bri qarich xartumchaga ishora qilib.
- Bu nimadan darak beradi? – hayron bo‘lib so‘radi g‘aroyib jonzod.
- Menimcha sen filsan, - javob berdi fillardan biri. – Sen biz bilan birga yashashing kerak.
- Shunaqa deb o‘ylaysizmi?
- Ha, albatta. Axir filsanku.
- Bilmadim. Negadir oldimdan qaysi hayvon chiqsa, sen bizdeksan, biz bilan yashashing kerak deyishyapti. Nega hamma meni o‘ziga o‘xshatadi?
Tamom
24.08.2026
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0