MARYAMIM
1-qism · Yurakda qolgan muhabbat
Balki seni har kuni eslaganim uchunmi, balki har kun xayollarimda bo‘lganing uchundir — bilmayman. Ammo bu yurak seni har kuni qo‘msardi.
Suhbatlarimiz kunni tunga, tunni esa tongga ulab yuborardi. Men she’rlar bitardim. Boshqalar esa: «She’rlaringda qofiya yo‘q», deb kulishardi. Ammo u she’rlarda dard bor edi, ma’no bor edi — chuqur ma’no. Uni chin muhabbatga oshno bo‘lganlargina tushunardi.
Men seni sevishimni aytardim. Sen ham tuyg‘ularingni ichingda saqlay olmay, meni sevishingni tan olarding.
Biz kelajak haqida orzu qilardik. Ota-onalarimiz nima deyishidan qat’i nazar, birga bo‘lishga intilardik. Men: «Ikkita qizim bo‘ladi», derdim. «Ismlarini Elif va Oysha qo‘yamiz», deb xayol surardim. «Men qizlarimni juda yaxshi ko‘raman», derdim.
Sen esa rashk aralash hazil bilan: «Yo‘q, qizlaringizni keyinroq sevasiz, avval meni seving», derding. Men esa: «Gulim, sen qizlarimizga o‘zingdagi go‘zallikdan ham ko‘proq berganing uchun ular juda chiroyli bo‘lishadi», deb kulardim. Shunday qilib, hali kelmagan kunlarimizni birga tasavvur qilardik.
Ishonardim: bir kun kelib, o‘sha orzularimiz ro‘yobga chiqadi. Buni bot-bot aytardik.
Bir kuni mendan: «Siz yoqtirgan taomlar qaysilar?» deb so‘rading. Men aytib berdim. Sen esa yoqtirgan taomlarimni tayyorlab, mehr bilan dasturxonga qo‘yarding. «Sevgilim», derding. Ba’zan esa jilmayib: «Yana hazillashib qo‘ydim», deb qo‘yarding.
«Senga ishonaman», derding. «Gulim, bizni faqat o‘lim ajrata oladi. Agar o‘lsam ham, seni u dunyoda kutaman», degan so‘zlaring qulog‘imda qolgan.
Sen menga 22 yil ichida juda ko‘p narsalarni o‘rgatding: vafodor bo‘lishni, mehribon bo‘lishni, sevishni… Eng qizig‘i, ilgari deyarli kitob o‘qimagan insonni
MARYAMIM • 1
kitobga oshno qilding. Bugun esa o‘zimning kutubxonam bor. U sening noming bilan ataladi — «Maryamim».
O‘limni bekorga eslamagan ekansan, deb o‘ylab qolaman. Balki nimanidir sezgandirsan… Chunki bizning baxtimiz uzoq davom etmadi.
Men sen bilan tanishdim, Maryamim. Senga uylandim. Sen men orzu qilgan istaklarimni ro‘yobga chiqarding: vafodor yor bo‘lding. Ikkimizning qizlarimiz —Elif va Oysha ham dunyoga keldi. Ularni chiroyli, odobli, iymonli qilib ulg‘aytirish, Qur’onni yod oladigan qoriyalar bo‘lishlarini ko‘rish haqida orzu qilardik.
Oradan besh yil o‘tdi. Qizlarimiz sakkiz yoshga to‘lib, maktabga chiqishdi. Allohdan birgina orzu-niyat so‘rashsa, men o‘sha orzumizni aytardim. To‘yimizning o‘n yilligi arafasida esa, o‘sha kun kelmasligini xayolimga ham keltirmasdim.
«Maryamim, nega mendan saraton kasalligini yashirding? Nima sababdan? Nega umringga atigi to‘rt-besh kun qolganida aytding? Bilganimda, qo‘limdan kelganicha harakat qilardim-ku», dedim.
Sen esa: «Sizni ovora qilib, charchatib nima qilaman? Qanday qilib bizga qarayotganingizni ko‘rib turibman», deding.
«Oh, mening Maryamim… Endi sensiz qanday chidayman? Axir, nega aytmading?» — deb yig‘lab yubordim. Sen ham yig‘lading.
O‘sha paytda qizlarimiz maktabdan qaytishi kerak edi. Ular xursand bo‘lib,«Ota! Ona!» deb yugurib kelishdi. Ularning beg‘ubor quvonchiga qarab, yuragimizdagi og‘riqni yashirishga urindik.
Ustozlari ularga Qur’ondan saboq berayotgan edi. Oilamiz qizlarimizning qoriyalar bo‘lishini orzu qilardi. Men ularni erkalab, peshonalaridan o‘pdim. Quvonchlari yanada ortsin deb, ularga kitob sovg‘a qildim. Qizlarim xursand bo‘lib, o‘qish uchun o‘z xonalariga kirib ketishdi…
MARYAMIM • 2
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0