O‘sha odamlar men va buvimni saroyga olib ketishdi. Saroy tashqarisida ular mening qonimni sehr yordamida tekshirgach, aytishdi:
— Qirolning qizi.
Bu so‘zlarni eshitib muzlab qoldim. Hech narsaga tushunmasdim. Buvimni hibsga olishdi. U o‘sha yerda hammasini tan oldi.
— O‘sha kuni bo‘ron boshlangan edi. Halokatga uchragan aravadan og‘ir ahvoldagi bir homilador ayolni mening yonimga olib kelishdi. Ayol vafot etdi, tug‘ruqdan so‘ng qon to‘xtamadi. O‘sha ayol bilan birga kelgan odamlar uning o‘lganini eshitib, bahslashib ketishdi. Men chaqaloqni berkitdim. Ular so‘rasa, u ham o‘lik tug‘ildi, dafn qildim, demoqchi edim. Lekin ular bola haqida umuman so‘ramadi. Tong otgach, ayolning tanasini olib ketishdi. Keyin boshqa joyga ko‘chib o‘tib, uni o‘z nevaram qilib o‘stirdim. O‘zim farzand ko‘rolmaganman.
— deya yig‘lab aytib berdi.
Oyoq-qo‘limni his qilmay qoldim. Ichimdan o‘tganlarni tariflash qiyin edi.
Buvim menga qarab:
— Kechir, qizalog‘im, seni shuncha yil aldab kelganim uchun.
— deya yig‘lardi.
Ko‘zimdan to‘xtovsiz yosh oqa boshladi.
Meni saroyga olib ketishdi. Buvimni meni o‘stirgani uchun o‘ldirishmadi, badarg‘a qilishdi. Qirol farzandini o‘g‘irlash o‘lim bilan teng edi. Shu bilan uni qaytib ko‘rsatishmadi.
Saroyga kirdim, lekin qirol otamni ko‘rmadim. Onamning ismini menga aytishdi. “Mariya” ekan. Qirol joriyalaridan biri bo‘lgan. Uyiga borib qaytayotganda vafot etgan.
Qirolning joriyalaridan farzandlari ko‘p edi: 10 ta malika va 7 ta shahzoda. Men ular bilan birga o‘saman deb o‘ylagandim.
Lekin hali bo‘layotgan voqealarni hazm qilib ulgurmasimdan meni bir xizmatchiga biriktirishdi. Emiliya xonim, uni shunday chaqiraman. U qattiqqo‘l o‘qituvchi edi, menga ko‘p narsani o‘rgatdi.
Bir hafta ichida hayotim ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Bir burchakka berkinib, tunda yig‘lardim. Buvimni qattiq sog‘inardim. Emiliya xonim esa yig‘lashga ham ruxsat bermasdi.
Ertasi kuniyoq mening darslarim boshlandi. Har bir daqiqam reja asosida o‘tardi. Hech narsani o‘zim xohlaganday qilolmasdim.
Erta tongda turib yuvinaman, kiyintirib, yasantirishadi. Vaznim biroz og‘ir ekan, parhez qo‘yishdi.
Emiliya xonim aytdiki:
— Maliklarning beli qildek ingichka bo‘lishi, ravon gapirishi, tik yurishi va hurmatni saqlay olishi kerak.
Bu tashqaridan oson ko‘rinadi, lekin aslida bu juda murakkab edi.
Davomi bor...
Izohlar
0