1-QISM — Ikki xil dunyo
GERMANIYA. BERLIN. 23:40
Berlinning tungi ko‘chalari yomg‘ir ostida qolgan edi. Shaharning markazidan uzoqroqda joylashgan ulkan binoning yuqori qavatida hali ham chiroqlar yonib turardi.
Bu oddiy ofis emas edi.
Qora marmar pol, devorlardagi qimmatbaho suratlar, uzun stol va uning ikki tomonida o'tirgan o‘nlab erkaklar. Xonaning eng to‘rida esa qora charm kresloda bir yigit o'tirardi.
Uning qarshisida turgan erkak gapirishga shoshilmasdi.
— Janob Kang, Myunxendagi filialimiz bilan bog‘liq muammo haligacha bartaraf etilmadi.
Kang Tae-jun qo‘lidagi hujjatlarni varaqlashda davom etdi.
— Uch kundan beri shu gapni eshityapman.
— Uzr, janob. Hamkorlarimiz bilan...
— Men bahona so‘ramadim.
Xonada yana sukunat hukm surdi.
Tae-jun hujjatlarni yopib, yonidagi yordamchisiga qaradi.
— Daniel, ertangi uchrashuvni tayyorlang. Shuningdek, barcha hamkorlar bilan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqing.
— Albatta, janob.
— Mening ruxsatimsiz hech qanday qaror qabul qilinmasin.
U o‘rnidan turdi. Baland bo‘yli, qora kostyumdagi yigitning nigohi xonadagilarning barchasini jim qilishga yetardi.
Kang Tae-jun 28 yoshda edi.
Germaniyada bir nechta yirik kompaniyalarga egalik qilardi. Uning qonuniy bizneslari ortida esa xalqaro miqyosdagi yashirin mafiya tarmog‘i mavjud edi.
Uning ismi ko‘plab mamlakatlarda tanilgan, ammo haqiqiy faoliyati haqida faqat tor doiradagi insonlar xabardor edi.
Tae-jun uchun odamlar ikki xil bo‘lardi: ishonchli va ishonchsiz.
U hech kimga osonlikcha ishonmasdi.
— Janob, Seuldan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, — dedi Daniel.
Tae-jun to‘xtadi.
— Kimdan?
— Janob Parkdan. Siz bilan shaxsan gaplashmoqchi ekan.
— Ertaga bog‘lansin.
— Tushunarli.
Tae-jun xonasiga kirib, deraza yoniga bordi. Qo‘lidagi telefonni stolga qo‘ydi.
Uning Seul bilan bog‘liq ishlari ko‘p edi. Ammo u Koreyaga qaytishni hozircha rejalashtirmagandi.
JANUBIY KOREYA. SEUL. 06:30
— HANAAAA! TUR!
Ko‘zlarimni ochmasimdan xolamning ovozini eshitdim.
Yostiqni boshimga tortib, yana bir necha daqiqa uxlashga harakat qildim.
— Hana! Meni eshityapsanmi?!
— Ha, xola! Turdim!
— Unda nima kutyapsan? Nonushta tayyorlanmagan, uy yig‘ishtirilmagan. Yana hamma ishni menga qoldirasanmi?
Soatga qaradim. Ertalabki olti yarim.
Bugun universitetga borishim kerak edi. Ammo xolam uchun mening o‘qishimdan ko‘ra uy ishlari muhimroq edi.
Men 18 yoshdaman. Ota-onamni juda yoshligimda yo‘qotganman. Shundan beri xolamning uyida yashayman.
Xolam meni o‘z qaramog‘iga olganini hech qachon unutmasligimni xohlardi. Har qanday kelishmovchilikda ham shu gapni yuzimga solardi.
Yotoqxonamdan chiqib, oshxonaga bordim.
— Nihoyat, esingga keldimi? — dedi u menga qarab.
— Xayrli tong, xola.
— Xayrli tongni qo‘y. Avval polni yuv, keyin nonushta tayyorla.
— Lekin bugun ertaroq universitetga borishim kerak edi. Birinchi darsim...
— Men sendan universitet haqida so‘radimmi?
Indamadim.
Xolamning ismi Mi-kyung edi. U ellik yoshlar atrofida, juda talabchan va jahldor ayol edi. Uning nazarida men hali ham hech narsani mustaqil bajara olmaydigan kichkina qiz edim.
— Kecha kiyimlaringni ham yig‘ishtirmabsan, — dedi u.
— Kechqurun dars qilayotgandim.
— Har doim bir bahona! Men seni boqib, katta qildim. Sen esa menga yordam berish o‘rniga faqat o‘qishni o‘ylaysan.
— Xola, men ham ishlayman. O‘qishimdan keyin do‘konda...
— Bas! Men bilan bahslashma.
Uning gapini bo‘lmadim. Shunchaki pol yuvish uchun chelakni oldim.
Ba'zan o‘ylab qolardim: agar ota-onam hayot bo‘lganida, hayotim qanday bo‘lardi?
Lekin bu savolga hech qachon javob topolmasdim.
08:15
Nihoyat, uy ishlarini tugatdim. Tezda kiyimlarimni almashtirib, sumkamni oldim.
— Xola, men ketdim.
— To‘xta!
Eshik oldida to‘xtadim.
— Kechqurun ishdan qaytishing bilan do‘konga borasan. Uyga kerakli narsalar tugabdi.
— Xo‘p.
— Va bugun kech qolma. Kecha ham vaqtida kelmading.
— Tushunarli.
Eshikni yopib, chuqur nafas oldim.
Bugun hech bo‘lmasa tinch kun bo‘lishini xohlardim.
GERMANIYA. 09:20
— Janob Kang, samolyotingiz uchun tayyorgarlik boshlandi.
Tae-jun soatiga qaradi.
— Seulga parvozni tasdiqlang.
Daniel unga hayron qaradi.
— Seulga? Siz Koreyaga qaytmoqchimisiz?
— Shunday dedim.
— Qancha muddatga?
Tae-jun kostyumining tugmasini taqdi.
— Buni hali bilmayman.
— Janob Park bilan uchrashuvni ham shu yerda o'tkazishimiz mumkin edi.
— Menimcha, ayrim masalalarni shaxsan hal qilish vaqti keldi.
U qora paltosini olib, xonadan chiqdi.
Seulda uni eski tanishlar, yangi muammolar va hali o‘zi bilmagan voqealar kutib turgan edi.
Ammo bir narsani aniq aytish mumkin edi: Kang Tae-jun hayotida hech qachon tasodiflarga ishonmagan.
U hali Hanani tanimasdi.
Hana esa uning mavjudligidan ham bexabar edi.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
2Juda zoʼrrrrr🫶🏻💘
Rahmattt😝💋