"Ba'zi insonlar hayotingga qolish uchun emas, seni o‘zgartirish uchun kiradi. Ammo chinakam bog‘langan qalblar vaqt, masofa va hatto o‘lim bilan ham butunlay ajralmasligi mumkin."
2019-yil. Kuz. Seul...
Osmon xira bulutlar bilan qoplangan, havoda esa nam va salqin shabada kezardi. Maktab hovlisidagi qadimiy chinor daraxtining barglari sarg‘ayib, sekin-sekin yerga to‘kilardi. Har bir bargning to‘kilishi go‘yo o‘tgan yozning so‘nggi xotiralarini ham olib ketayotgandek edi.
Jung Soomin daraxt tagidagi eski yog‘och o‘rindiqda o‘tirardi. Qo‘llari paltosining cho‘ntagida, ko‘zlari esa osmonga qadalgandi. U o‘sha sarg‘aygan barglarni kuzatardi — ular shamolga uchib, havoda aylanib, so‘ng yerda boshqa minglab barglar orasiga qo‘shilardi. Qizning yuzida hech qanday his-tuyg‘u yo‘q edi. Faqat ko‘zlari... ko‘zlarida nimadir bor edi. Go‘yo u o‘zini o‘sha barglarga o‘xshatardi. Shamol qayerga uchirsa, o‘sha yerga ketadigan, hech kim e’tibor bermaydigan oddiy bir barg.
— Soomin-ah!
Ovoz uning xayollarini tarqatdi. Qiz boshini burdi. Uning oldida Park Jae-min turardi. Uning lablarida o‘sha o‘ziga xos, beparvo va shu bilan birga iliq tabassum bor edi. Ko‘zlari esa quyosh nuridek yaltirab, atrofni yoritib yuborardi.
— Yana xayollarga cho‘mib ketdingmi? — dedi Jae-min, uning yoniga o‘tirib. — Seni kuzatib turib, bir narsani tushundim: sen osmonga qaraganingda, go‘yo u yerda javob izlayotgandek bo‘lasan.
Soomin yelka qisdi. Uning lablari chetida mayin tabassum paydo bo‘ldi — faqat Jae-min bilan bo‘lgandagina paydo bo‘ladigan tabassum.
— Balki izlayotgandirman, — dedi u past ovozda. — Yoki shunchaki... bu barglar menga o‘xshaydi deb o‘ylayapman.
Jae-min bir necha soniya unga tikildi. Uning nigohida nimadir bor edi — Soomin buni sezardi, ammo hech qachon so‘ramasdi. Jae-min ham hech qachon aytmasdi. Shunchaki birga bo‘lishardi, xolos.
— Sen hech qachon oddiy barg bo‘lmagansan, Soomin, — dedi Jae-min jiddiy ohangda. — Sen... sen kuzning eng chiroyli gulisan. Barg emas.
Soomin kulib yubordi. Bu kulgi samimiy edi, ammo ichida ozgina achchiqlik bor edi. U Jae-minning bunday gaplariga o‘rganib qolgandi. Doim shunday qilardi — uni ko‘tarardi, kuldirardi, himoya qilardi. Bolalikdan beri.
— Yaxshi, yetar, faylasuf bo‘lib qolding, — dedi Soomin o‘rnidan turib. — Darsga qo‘ng‘iroq chalinishiga oz qoldi.
Jae-min ham turdi. Ular birga maktab binosi tomon yurishdi. Yo‘lda Jae-min Soominning yelkasiga qo‘lini tashladi — do‘stona, beparvo. Ammo Soomin bu qo‘lni har safar boshqacha his qilardi. Qandaydir iliqlik, xavfsizlik... va nimadir yana. Nimadir chuqurroq.
— Bugun matematika darsi bor, — dedi Jae-min yuzini burishtirib. — Janob Kim yana qandaydir test o‘tkazadi. Men o‘tirmoqchiman.
Soomin unga qarab jilmaydi. Uning ko‘zlarida ayyor uchqun paydo bo‘ladi.
— Bilasanmi, menda reja bor, — dedi u pichirlab.
Jae-min qoshini ko‘tardi.
— Reja? Senmi? Soomin, sen har doim eng yaxshi rejalarni tuzasan. Ayt.
Soomin unga yaqinlashdi va sekin gapirdi:
— Darsdan qochamiz. Men ustozga aytaman — sen kasal bo‘lib qolding, men seni shifokorga olib ketishim kerak. Ular ishonadi. Keyin biz... musiqa do‘koniga boramiz. O‘sha yangi gitara keldi, ko‘rishni xohlayman.
Jae-min bir zum unga tikildi, so‘ng kulib yubordi.
— Sen aqldan ozgansan, Soomin. Lekin men bu aqldan ozishni yaxshi ko‘raman.
Ular darsga kirishdi. Sinfda o‘quvchilar shovqin-suron qilishardi. Jae-min va Soomin o‘z joylariga o‘tirishdi — yonma-yon. Bu azaldan shunday edi. Hech kim ularni ajratmasdi, hech kim o‘rtaga tushmasdi. Ular bir juft edi — do‘st sifatida. Ammo ba’zilar buni boshqacha ko‘rardi.
Sinfning narigi burchagida Han Minso o‘tirardi. U maktabning eng chiroyli va eng mashhur qizi edi. Atrofida doim qizlar to‘dasi bo‘lardi, yigitlar esa unga qarab havas bilan qarashardi. Ammo Minso faqat bittasiga e’tibor berardi — Park Jae-min. Va u Jae-minning Soomin bilan bo‘lgan munosabatini ko‘rib, ichida g‘azab olovi yonardi.
— Yana ular, — deb pichirladi Minso o‘ziga o‘zi. — Doim birga. Doim kulishadi. Ular haddan tashqari yaqin. Bu meni asabimga tegyapti. Jin ursin...
Dars boshlandi. Janob Kim doskaga misollar yozdi. Soomin Jae-minga ko‘z qirdi bilan ishora qildi. Jae-min bosh irg‘adi. Soomin qo‘lini ko‘tardi.
— Janob Kim, — dedi u muloyim ovozda. — Jae-min o‘zini yomon his qilyapti. Men uni shifokorga olib borishim mumkinmi?
Janob Kim Jae-minga qaradi. Jae-min o‘zini charchagan qilib ko‘rsatdi — yuzini burishtirdi, boshini ushladi.
— Xo‘p, — dedi Janob Kim. — Boringlar. Ammo tez qaytishga harakat qiling.
Soomin va Jae-min sekin o‘rnidan turishdi. Sinfdan chiqishganda, Minso ularning orqasidan qarab qoldi. Uning ko‘zlari g‘azab va hasad bilan to‘la edi.
— Ular haddan tashqari yaqin, — deb takrorladi u. — Bu meni asabimga tegyapti, Jin ursin.
----------
Soomin va Jae-min maktab hovlisidan chiqib, ko‘chaga chiqishdi. Kuzgi havo ularni o‘z bag‘riga oldi. Barglar oyoqlari ostida shitirlardi. Soomin erkin nafas oldi — go‘yo qafasdan chiqqan qushdek.
— Ozodlik! — dedi u qo‘llarini havoga ko‘tarib.
Jae-min unga qarab kuldi.
— Sen har doim shunday qilasan. Darsdan qochganingda osmonga qo‘llaringni ko‘tarasan. Nega?
Soomin qo‘llarini tushirdi va unga qaradi.
— Chunki... o‘sha paytda men o‘zimni yengil his qilaman. Go‘yo hech qanday tashvish yo‘q. Faqat men va osmon.
Jae-min jiddiy bo‘lib qoldi. U Soominning ko‘zlariga qaradi.
— Sen baxtli bo‘lishga loyiqsan, Soomin. Har doim.
Soomin hech narsa demadi. Shunchaki jilmayib, oldinga yurdi.
Ular musiqa asboblari sotiladigan do‘konga yetib kelishdi. Do‘kon eshigi ochiq edi, ichkaridan gitara sadolari eshitilardi. Soomin ichkariga kirdi. Uning ko‘zlari darhol devordagi gitanalarga qadaldi. Ular turli rangda, turli shaklda edi. Ammo bittasi... bittasi boshqalardan ajralib turardi.
O‘sha gitara oq rangda edi, ustida mayda gullar naqsh solingan. Uning torlari yaltirab, go‘yo Soominni o‘ziga chorlardi. Soomin unga yaqinlashdi. Qo‘lini cho‘zib, torlarga sekin tegdi. Ovoz mayin va chuqur edi — xuddi kuzgi shabada kabi.
— Yoqdi? — dedi sotuvchi yigit kelib.
Soomin bosh irg‘adi.
— Juda chiroyli. Ammo... narxi qancha?
Sotuvchi narxni aytdi. Soominning ko‘zlari katta ochildi. Bu juda qimmat edi. U bunday pulni hech qachon topa olmasdi. Uning yuzidagi quvonch so‘ndi.
— Rahmat, — dedi u sekin. — Men... keyinroq kelaman.
U do‘kondan chiqdi. Jae-min uning ortidan chiqdi. U Soominning yuzidagi o‘zgarishni ko‘rdi. Qizning ko‘zlari yana o‘sha xira tunga cho‘mdi.
— Soomin, — dedi Jae-min.
Soomin unga qaramadi. Shunchaki oldinga yurdi.
— Hech qisi yo‘q, Jae-min. Bu shunchaki gitara. Men uni sotib olmasam ham bo‘ladi.
Jae-min uning oldiga o‘tib, to‘xtatdi.
— Yo‘q, — dedi u qat’iy ohangda. — Sen uni olasan. Men va’da beraman. Bir kun bu gitara albatta seni qo‘lingda bo‘ladi.
Soomin unga tikildi. Jae-minning ko‘zlarida shunday qat’iyat bor edi-ki, Soomin ishonmasdan iloji yo‘q edi. U jilmaydi.
— Sen doim va’da berasan, — dedi u. — Ammo hech qachon bajarmaysan.
— Bu safar boshqacha, — dedi Jae-min. — Bu safar men bajaraman.
Ular kechgacha shaharni aylanishdi. Kafe, park, ko‘cha-ko‘y... Har bir joyda ularning kulgilari, hazillari eshitilardi. Soomin o‘zini baxtli his qilardi — faqat Jae-min bilan bo‘lgandagina. Ammo ichida nimadir... nimadir noto‘g‘ri edi. U buni sezardi, ammo hech kimga aytmasdi.
Kechqurun ular uylariga qaytishdi. Soomin uyiga kirar ekan, ortiga qaradi. Jae-min uzoqlashib borardi. Uning qaddi baland, yurishi o‘ziga ishongan edi. Soomin bir zum unga tikilib qoldi.
— Jae-min, — deb pichirladi u. — Sen men uchun kimsan?
Jae-min uning ovozini eshitmadi. U uzoqlashib, qorong‘ilikka singib ketdi.
Soomin uyiga kirdi. Uy jim edi. Otasi ishda, onasi esa o‘z xonasida edi. Opasi Soojin hali kelmagan edi. Soomin o‘z xonasiga chiqib, yotoqqa cho‘zildi. Shiftga qarab yotdi.
O‘sha kecha u uxlay olmadi. Xayollarida Jae-min, gitara, kuzgi barglar va... o‘sha notanish tuyg‘u aylanardi.
---------------
Ayni paytda, Seulning boshqa bir chekkasida...
Kimlar xonadoni. Do-yun o‘z xonasida deraza oldida turardi. U endigina Amerikadan qaytgan edi. Yangi shahar, yangi uy, yangi hayot. Ammo uning ko‘zlari uzoqlarga — qorong‘i kechga qarardi. U hali bilmasdi, taqdir uni kim bilan bog‘laydi.
Uning telefonida yangi maktab haqidagi ma’lumotlar bor edi. U ertaga maktabga borishi kerak edi. Do-yun chuqur nafas oldi.
— Yangi boshlanish, — dedi u o‘ziga o‘zi. — Umid qilamanki, bu yerda men o‘zimni topaman.
U derazadan tashqariga qaradi. Kuzgi barglar shamolda uchib, uning derazasiga urilardi. Go‘yo taqdir unga ishora qilayotgandek edi.
Do-yun hali bilmasdi, ertaga u bir qizni uchratadi. O‘sha qiz uning hayotini butunlay o‘zgartiradi. Ammo bu hikoya boshqa kuni boshlanadi.
Kuzgi barglar ostida, ikki qalb bir-biriga bog‘langan edi. Ammo ular hali buni bilmasdilar. Taqdir esa o‘z ishini qilardi...
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0