IKKINCHI OY
Balki u ohirigacha qanotlari chiqishiga ishongandir
Muallif: Ne'matjonov Diyorbek
Janr: Drammatik, ijtimoiy fojea
Yo'nalish: Realizm va ramziylik uyg'unligi
Uslub: Lirik kinoya
* * *
Oktabr
Kuzni hali hech kim butun vujudi bilan his qila olganicha yo`q. Quruq shamol havoni sovutgan, yomg`irdan esa darak yo`q. Kuzning yomg`iri kuzdan ko`ra tabiatga kerak edi; Toshkent havosi kundan kunga ifloslanib borar, samo va yerni tutashtirib turuvchi ufq chizig`i xiralik bilan qoplangan edi. Yaqin atrofdagi binolar, mashina va chiroqlargina ko`zga ko`rinardi. Yomg`ir esa oz bo`lsa-da chang zarralarini bostirardi.
Bu vaqtda shaharning ko`p qavatli binolari odamlar bilan to`lib toshadi. O`z uyidan olislab o`qish va ishlash uchun kuzgi mavsumda poytaxtga tashrif buyurganlar shu binolarda qo`nim topishardi.
Ko`p qavatli binoning yettinchi qavatida, xarobagina xonadonda istiqomat qiluvchi uch kishidan iborat oilada bolakay onasining bag`rida o`qilayotgan kitobni tinglab o`tirardi. Onaning qo`lida Ekzuperening "Kichkina shahzoda"si. Ona qo`lidan kelgancha rolga kirishib o`qib berar, kitobdagi mo`jizaviy misralariga alohida urg`u berib yosh bolaning diqqat bilan tinglayotganini his qilib turardi. Ota esa ishda. Kech tushganiga ancha bo`lgan bo`lsa-da, uning ishlari jiddiy. Sababi u endigina bir ishning boshini ushlagandi. Bo`lganda ham bir katta biznesmen qo`l ostida ishlaydi. Bu ishni qo`yib yubormaslik uchun ham u o`zining boshqa sheriklaridan ko`ra hurmat va sadoqatga moyil ekanligini ko`rsatib qo`yishi kerak. Yo`qsa yana mardikorlar bozoriga qaytadi. Axir bugungi kunda tayinli ish topish oson ishmi?
-- Ona, chirog`imiz qachon yonadi? -- deb so`radi bolakay umidvor ohangda. Ular o`zlaridagi ohirgi sham yorug`ida o`tirishardi.
-- Qo`shnilarimizda chiroqdan muammo yo`q. To`lov qilishimiz kerak menimcha. -- Onaning javobi ikkilanib aytilgandek ko`rinsa-da, elektrning kelishi uchun pul zarurligini yaxshi bilardi. -- Otang telefonimizni olib ketgan. Pul va telefon bilan kelgach o`tgazib yuboradi. Keyin yana chirog`imiz yonadi. -- Ona o`g`liga har qanday gapni sodda qilib aytishga harakat qilardi. U gapini tugatgach yana kitobning to`xtab qolgan yeridan o`qishda davom etdi. Bolakay boshqa savol bermadi. U kitobning davomiga shunday qiziqib ketdi-ki, u o`zining hayollar dengiziga g`arq bo`ldi. Nihoyat, shamning umri tugab, kitob o`qish uchun muhit buzildi.
-- Nahotki osmonda ham odamlar bo`lsa? Ona! Biz ham qachon o`zimizning sayyoramizga ketamiz? -- Bola kitobdagi voqealarni o`z hayotida gavdalanishi mumkinligiga aniq ishonayotgandi.
-- Bizni joyimiz shu yerda bolam, odamlar orasida.
-- Lekin men ikkimizni... yo`q! Uchchovimizni sayyoramizni, ha faqat o`zimizniki bo`lgan sayyoramizni aytyapman ona. -- Onasining gapiga javob qaytarayotgan bolakayning ko`zlari faqat bolalarga xos bo`lgan kuchli ishonch va samimiylikni o`zida akslantirib turardi. Faqat qorong`ulik sababli bu jozibani onasi ko`ra olmayotgandi.
-- Hozir hamma sayyoralarda odamlar bor. Hech qaysi sayyorada bo`sh joy yo`q. Bizdan oldingilar egallab bo`lishgan. Bizni ham sayyoramiz qayerdaligini, kimdaligini bilmaymiz. Bu yerdagilarni hech qaysisi bilmaydi. Bizni doim sut va qatiq bilan siylaydigan xolang ham, bizdan xabar olib turadigan va otang bilan rosa tortishadigan anavi odam borku, o`sha ham, qo`shnilarimiz, do`stlaring ham bilishmaydi. -- Bolaning hayrat bilan mavjlanayotgan ko`zlariga biroz ma`sumlik to`kildi. Yoriqlarga to`la devorning o`rtasida turgan 2 qavat derazaning 1 qavati yopiq turardi. Xonaga faqatgina shu derazadan oy nuri tushib xonadagi buyumlarni xira ko`rsatib turardi. Bolakay ham o`z hayollariga bir najot qidirgandek deraza tarafga qaradi.
-- Oydachi ona! -- deb qichqirib yubordi. -- U yerda odamlar ko`rinmaydi. Bo`sh bo`lsa boraveraylik -- deb bolakay onasidan javob kuta boshladi.
-- Oyda joy yo`q bolam. Bizdan juda uzoqda bo`lganliklari uchun ko`rinmaydi ular.
-- Uzoq bo`lsa qanday qilib borishgan ular? -- bolaning savollari borgan sari murakkablashib borardi.
-- Qanotlar... ha qanotlar, o`z sayyoralarini topishganda, yelkalaridan qanotlar o`sib chiqadi va o`z sayyoralariga bemalol uchib ketishadi. -- Onaning javobi har holda o`zi uchun bolalarcha tuyuldi. (Maqsadi ham shu edi aslida.) O`g`il bu javobdan yana hayrat ko`zlari bilan onasining xira ko`rinayotgan ko`zlariga tikildi. U o`sha vaqtning o`zida yelkasini ushlab ko`rdi va bo`lajak qanotlarining shakli va rangi haqida hayol sura boshladi.
-- Bir kun albatta o`z oyimizni topamiz ona. Bizni katta sayyoramiz bo`ladi. Qanotlarimiz ham katta bo`ladi.
Kitob yopildi. Bola onasi hamrohligida yotog`iga bordi. Qorong`udan qo`rqmasligini, 2 qavat derazani ko`rsatib uni ochib qo`ydi. Ko`chadagi odamlarning va mashinalarning ovozini eshitib yolg`iz emasligini uqtirgan holda xayrli tun tiladi, o`g`lining peshonasidan o me'yorida o'pib xonani tark etdi. Bolakay hamon o`zining hayollari dengizida suzardi. Qanotlari chiqishi mumkin bo`lgan yelkasining orqa qismini gohida paypaslab ko`rardi. Yotishdan zerikib derazaning oldiga bordi. Qo`llari arang deraza tokchasiga yetib turardi. Qo`lidagi "Kichkina shahzoda"ni mahkam ushlab olgancha oyog`i ostiga yostig`i, ko`rpasi va kiyim-kechaklarini ustma-ust taxladi. Biroz balandga ko`tarilgach taskin topdi. Oy uning qarshisida edi. U juda uzoq vaqt unga tikilib turdi.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0