Ikki ming qotil
Keng dara, tog‘lar uzoqdan ko‘rinadi. Hech qanday texnika yoki zamonaviy narsalar yo‘q. Aytaylik, XV yoki XVII asrlar. Men bir o‘zim daraning o‘rtasida turibman. Huv narida bitta qiyshiq daraxt shoxida qandaydir qush xonish qilyapti. Mayin shamol to‘pig‘imdan baland keladigan, uzunligi tog‘larga cho‘zilgan maysalarni tebratyapti.
Men esa paytava bilan uzun etik kiyganman. Egnimda urush kiyimi, belimda qilich. Sovut sabab tirik qolib ogʻir yaralansam uni yechish qiyin boʻladi deb uni yechib nariga otib yubordim.
Qarshimda esa ikki ming otliq dushman men tomonga qarab kelyapti. Hammasi qilichlarini yalang‘ochlab olishgan, hatto otlariga ham jiddiy qarashgan. Menimcha, ichlarida merganlari yo‘q. Bo‘lmasa, meni uzoqdan ham otib o‘ldirishlari mumkin edi. Balki o‘lik murdamni ko‘rgilari kelgandir.
Otlari ham qirchang‘i shekilli, boshqarishda biroz no‘noqlik qilishyapti. Men qilichimni qinidan chiqarish u yoqda tursin, pinagimni ham buzmay turganimdanmi, otining uzangisini tinmay niqtab kelyapti.
Ular yaqinlashib qoldi.
Endi boyagi daraxtdagi qushning ovozi ham eshitilmay qoldi. Menimcha, qo‘rqqanidan uchib ketdi.
Men esa hali ham joyimdaman. Hali ham qilichimni qinidan chiqarmadim. Oq bayroq ham ko‘tarmayman. Oti bilan go'zal maysayu tabiatga rahmi kelmagan menga rahmi kelarmidi. Shundoq o‘lmoqchiman.
Ular yaqinlashib qoldi.
Ikki ming otliq. Saman ot mingan, qalin sovut taqqanidan faqat ko‘zi ko‘rinib turgan moviy ko‘z qotil qarshimda otini qattiq yeldirib, hammadan o‘zib kelyapti. Menimcha, meni shu o‘ldiradi. U o‘ldirmasa, ikkinchi zarbada qaysidir biri o‘ldiradi.
Ular yaqinlashib qoldi, ular yaqinlashib qoldi...
Ko‘zlarimni yumdim.
Yonimdan dupur-dupur ovozlar eshitildi. Ko‘zimni ochdim. Otliq askarlar mening yonimdan ikkiga bo‘linib, yarmi chap tarafdan, yarmi o‘ng tarafdan o‘tib ketishdi...
Uchqun
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0