Ulug'bek Raxmatov
Iblis bilan Shartnoma
Sodiq mast holatda zo‘rg‘a zinapoyalardan ko‘tarilib, uyiga kirdi. Mana bugun ham odatiy kunlaridan farq qilmaydigan qurilishdagi og‘ir ish kuni yakunlandi. Har kuni shu ahvol: ertalabdan kechgacha mehnat, kechqurun esa topgan choy-chaqasiga olinadigan ichkilik...
U shu ichkilik tufayli do‘stlarini, qarindoshlarini yo‘qotdi. Endi unda faqat xotini Samira va ikki egizak o‘g‘li bor, xolos. Oilasi bilan esa yarim yildan beri ko‘rishmagandek edi. Yo‘q, u ichganda to‘polon ko‘tarmaskan, hech kimni xafa qilmasdi — shunchaki uyiga kiradi va uxlaydi... Ba’zan oshxonada, ba’zan esa mehmonxonada...
Bugun ham zo‘rg‘a oyog‘ida turgan holda uyga keldi. Oshxonaga kirib, stol ustiga boshini qo‘ygancha biroz mizg‘igan bo‘ldi. Lekin g‘alati tushlardan uyg‘onib ketdi.
Soat 02:15...
Oshxonadan chiqqanida, yo‘lakda begona poyabzalni ko‘rib qoldi. Alkogol ta’sirida zo‘rg‘a bo‘lsa-da, buni tushunishga harakat qildi. Yarim yildan beri qadam bosmayotgan yotoqxonaga yo‘l oldi. Qorong‘i xonada, karavotda quchoqlashib yotgan ikki sharpaga ko‘zi tushdi. Chiroqni qaltiroq qo‘llari bilan yoqqanida, chiroq nuridan ham uyg‘onmagan eski qadrdon oshnasi Jahongir va suyukli xotini Samiraga ko‘zi tushdi.
Ularni uyg‘otmay oshxonaga qaytdi. Qo‘liga katta, o‘tkir pichoqni oldi. Hech narsani o‘ylamadi, his qilmadi. U xotini uning ichishiga chidashini, bolalarni tarbiyalab, ovqat qilib berib yashashini kutgandi... Yo‘q, xotini aynan mana shu ishlarni qilishga majbur qildi...
U shu xayol bilan yotoqxonaga kirib, ikki xiyonatkorning bo‘ynini kesib tashladi. Bu ishni hech narsani o‘ylamay, his qilmay bajardi. Hech kim uyg‘onmadi ham — ko‘plar orzu qilganidek, shirin uyquda jon berishdi...
Keyin bolalari yotgan xonaga o‘tdi. Avval birinchisining, so‘ng ikkinchisining bo‘ynini kesdi-da, eshikni yopib chiqdi. Yana hech narsani his qilmadi...
U oshxonada bir nuqtaga tikilgancha, kuchli bosh og‘rig‘i va allaqanday tuyg‘ular qurshovida o‘tirdi... Shu onda yuragida nimadir o‘zgardi, alkogol ta’siri tarqab, fikri tiniqlashdi. Qo‘llari qaltiray boshladi, butun tanasi qilgan ishining dahshatidan titradi.
Sodiq ko‘zlarini yumib, sekin yig‘lay boshladi... Avval eshitilar-eshitilmas ovozda, keyin esa tashlab ketilgan itdek baland ovozda uley boshladi. Avval joyidan turdi, keyin yana o‘tirdi... Xona bo‘ylab aylandi, so‘ng ko‘chaga yugurib chiqdi. O‘zi uchun tanish bo‘lgan yo‘llardan o‘tib, o‘zi ishlayotgan qurilish ob’yektiga bordi. O‘zini duch kelgan xonaga otdi. Yerga yıqilib, bor ovozi bilan dodlab yig‘ladi, boshini devorga urdi...
Nima qilganini... nima bo‘lganini anglab yetdi. Endi yagona yo‘l qolgandi — o‘z joniga qasd qilish...
Xonaga kimdir kirganini sezdi. Ishchilardan bo‘lsa kerak deb e’tibor bermay, boshini urishda davom etdi. Lekin notanish kishi qarshisiga o‘tirganida, uning bu joy uchun o‘ta hashamdor kiyingani va begona ekanini tushundi.
— Ho‘sh, Sodiq, nahotki sen ham azobni his qila olsang?
Kutilmagan gapdan nima deyishini bilmay, hayrat bilan qaradi.
— Gapirmasang ham seni tushunaman. Sening o‘ringda men shunday ish qilganimda, men ham gapirmagan bo‘lardim...
*"Nahotki bu odam Sodiq oilasini qanday o‘ldirganini ko‘rgan bo‘lsa?"* — o‘tdi xayolidan.
— Qo‘y, gapirma, shart emas, — notanish kimsa gapida davom etdi. — Siz insonlar hamisha o‘z qilmishlaringizni oqlashga sabab topib kelgansizlar. Men uzundan-uzun hayotim davomida bunday sabab va izohlarning ko‘pini eshitganman... Seningcha, xotining aybdormidi? Bolalaring-chi? Ular seni sotishganmidi? Aslida hammasiga aybdor — o‘zingsan! Shunday hayot yo‘lini o‘zing tanlading. Faqat o‘zingni o‘ylading, yaqinlaringni esa unutding... O‘zingga rahming keldi... Hozir ham o‘zingga rahm qilib yig‘layapsan...
Sodiq notanish odamning har bir gapiga quloq tutdi. Chindan ham u o‘ziga rahm qilishlarini, achinishlarini xohlagandi. Endi-chi? Endi bunga arzimasligini tushundi...
— Men nima qilayotganimni bilmayotgandim... Rostini aytsam, anchadan beri nima qilayotganimni bilmayman... Shunaqasi menga qulay.
— Senga qulay? Afsus... Men senga yordam berish uchun kelgandim. Sen esa "menga qulay" deyapsan. Yaxshisi, ketganim ma’qul.
— Sen, sen menga yordam bera olasanmi? Qanday? — Sodiq hayrat bilan notanishga qaradi. Nahotki hammasini tuzatib bo‘lsa? Lekin qanday? Xato qilib bo‘lindi-ku!
— Hamma narsani tuzatish mumkin, faqat yo‘lini bilish kerak. Xo‘sh, xotining va bolalaringni qaytarishga hamda buning uchun hech narsadan qaytmaslikka tayyormisan?
— Roziman! Oilamni qaytarish uchun hamma narsaga roziman! — o‘ylab o‘tirmay javob qaytardi Sodiq.
Notanish kishi mamnun jilmaydi:
— To‘lov qimmat bo‘lishi mumkin, sen rad etishing yoki bajarolmasliging ham mumkin.
— Menda pul yo‘q...
— Senda undan-da qimmatroq narsa bor. Senda ruhing, qalbing bor... Ha, ha, Sodiq, sen men bilan kelishuv tuzsang, ruhing va qalbing menga tegishli bo‘ladi. Men esa sening oilangni tirik qaytarib beraman. Ular hech narsani eslashmaydi ham. Faqat sen ularning hayot va o‘lim o‘rtasidagi muvozanatini bir maromda ushlab turishing kerak. Ya’ni har kecha soat 02:30 dan 03:00 gacha bo‘lgan vaqt davomida ularni birma-bir o‘ldirasan. Ertalab esa ular hech narsa bo‘lmagandek yana tirik va sog‘lom bo‘lishadi. Hech narsani eslashmaydi ham. Faqat unutma, har kecha ularni o‘zing o‘ldirishing shart. Agar biror kecha kechiksang yoki bosh tortsang, ularni abadiy ko‘rmaysan. Shartnomamiz buziladi...
— Men roziman! — tezlik bilan javob qaytardi Sodiq.
— Unda yaxshi. Menga hech qanaqa qog’oz-pog’oz kerak emas. Shunchaki kelishuvimizni yodda saqlasang bo‘ldi. Men albatta sen o‘lganingdan so‘ng ruhing va qalbingni olgani kelaman...
Notanish kishi havoda izsiz yo‘qoldi.
Sodiq hech narsani tushunmay bir zum o‘tirdi-da, keyin uyiga yugurdi. Yo‘lda shoshilib yiqilib tushdi. O‘rnidan turganida qo‘lidagi qon izi yo‘qolganini ko‘rdi. Hammasi rostligiga ishongisi kelmay, zinadan ko‘tarildi. Hujumkor hayajon bilan eshikka kalitni suqdi. Eshikni ochdi...
Mehmonxonadan kelayotgan televizor ovozi va oshxonadan idish-tovoqlarning yuvilayotgan tovush eshitildi. Oshxonaga kirdi. Xotini biroz charchagan holda idishlarni yuvayotgandi. Sekin xotinining ortidan borib, uni bag‘riga bosdi.
— Ichganmisan? Yoki hali ulgurmadingmi? — ma’yus ovozda so‘radi Samira.
— Men boshqa ichmayman. Va’da beraman... Hammasini tushundim... Meni kechir, Samira...
Sodiq xotinining hayratdan charaqlagan ko‘zlarini ko‘rdi.
— Menga imkon ber, barini tuzataman, hammasini yangidan boshlaymiz... Faqat sen imkon ber, — xotinini so‘nggi yarim yil ichida birinchi marta qattiqroq bag‘riga bosdi.
Xotini tirik va sog‘lom... Buning o‘zi baxt! Endi bari boshqacha bo‘ladi... Erta tongda hali ayoli uyqudalik vaqtida Sodiq sekin oshxonaga borib gaz pechini yoqdi, qozonga biroz yog’ solib hammaga ikkitada tuhum tashladi. Baribir xotinidek qovurolmadi. Tuhum oqi qozonga yopishib qoldi. Amal-taqal qilib to’rtta likopchaga qo’ydi. Avval ayolini keyin esa o’g’illarini uyg’otdi. Necha oylar deganda birinchi bor oila birgalikda nonushta qilardi. Sodiq shoshib telefoni soatiga qaradi.
— Men ishga ketishim kerak. Bugun bozorchilik qilib qaytaman. Boshqa ichkilikka pul sarflamayman...
Hayratda turgan xotinining peshonasidan o‘pib qo‘ydi-yu, ko‘chaga otlandi.
*"Shuncha vaqt ichida ularga begona bo‘lib keldim. Endi hammasi boshqacha bo‘ladi. Hammasini tuzataman..."*
Sodiq xursand, o‘zgacha shijoat bilan ishga bordi. Hamma bilan quvnoq munosabatda bo‘ldi, hamrohlari taajjubda edi. Kimdir unga ichkilik taklif qildi, lekin Sodiq shaxdam qadamlar bilan uyiga yo‘l oldi.
Yo‘l-yo‘lakay do‘kondan bolalariga shirinlik, xotiniga sovg‘a oldi. Ularni o‘ldirishi kerakligini o‘ylamaslikka harakat qildi...
Uyga kelganida esa eski qadrdon oshnasi Jahongirni ko‘rib qoldi. Oxirgi marta xotini bilan bir to‘shakda tutib olib, uni o‘ldirganini esladi. Kayfiyati buzilib, joyida qotib qoldi.
— Sodiq, meni kechir... Ichkilikka berilganingda yoningda tura olmaganim uchun. Gapni uzoqdan boshladi Jahongir. Bugun Samira qo‘ng‘iroq qilib, sendagi o‘zgarishlarni aytdi. Shunga senga oshna sifatida ko‘maklashgani, o‘z biznesingni yo‘lga qo‘yishingga yordamlashgani keldim...
— Sodiq, meni kechir... Ichkilikka berilganingda yoningda tura olmaganim uchun. Gapni uzoqdan boshladi Jahongir. Bugun Samira qo‘ng‘iroq qilib, sendagi o‘zgarishlarni aytdi. Shunga senga oshna sifatida ko‘maklashgani, o‘z biznesingni yo‘lga qo‘yishingga yordamlashgani keldim...
Aybdordek turgan xotini va mehr bilan qo‘l uzatayotgan oshnasiga qaradi. Barini unutib, Jahongirni bag‘riga bosdi. Oshnasining uyida yong‘in chiqqani sababli, u vaqtincha Sodiqnikida yashaydigan bo‘ldi. Sodiq rozi bo‘ldi...
Bolalari otasidagi o‘zgarishdan hayron bo‘lishdi. Sodiq ular uchun olgan shirinliklarni berdi. Bolalari bilan yarashib oldi. Kechgacha oshxonada kulib, hazillashib gaplashib o‘tirishdi... Kechqurun esa xotinining quchog‘ida uyquga ketdi...
Soat 02:30... Aytilgan vaqtda Sodiq ko‘zini ochdi. U qo‘rqqan daqiqa yetib kelgandi. Ularni uyg‘otmaslik uchun tez harakat qildi. Soat 03:00 gacha hammani o‘ldirishga ulgurishi kerak... O‘zini ularning tirik qolishi uchun buni qilayotganiga ishontirdi.
Avval yonida yotgan xotinini yostiq bilan bo‘g‘ib o‘ldirdi. Keyin esa oshxonadagi oshnasini arqon bilan bo‘g‘ib... Yotgan bolalarining birma-bir bo‘ynini kesdi...
Soatga qaradi: 02:57.
— Ulgurdim... — zo‘rg‘a xonasiga kirdi-yu, allaqachon sovub bo‘lgan xotinining yoniga yotdi. Ko‘zlari yoshlandi: — Meni kechir...
Uyquga ketdi...
— Ishga kech qoliyapsan, azizim, — xotinining yoqimli ovozidan uyg‘onib ketdi. Naqadar ajoyib! Xotini tirik va sog‘lom, bolalari esa atrofida...
Ishga ketarkan, shunaqasi ham bo‘lishi mumkinligini o‘yladi. Hayoti iziga tushganday bo‘ldi. Bora boa ularni o‘ldirishdan xadiksiramay, qo‘rqmay qo‘ydi. Xotini ishxonasidan ta’til oldi. Endi ular ko‘p vaqtni birga o‘tkazishar, barini yangidan boshlashayotgandi...
Shu tariqa 2 hafta o‘tdi. Doimgidek sement tashiyotganida boshida kuchli og‘riq his qilib, hushini yo‘qotdi. Ko‘zini kasalxonada ochdi. Oynadan kech tushganini ko‘rib, o‘rnidan turib uyga bormoqchi bo‘ldi. Hamshiralar qo‘ymadi, qandaydir ukol qilishdi va u yana uyquga ketdi. Bu holat bir necha marta takrorlandi. Keyin ko‘zini karavotga bog‘langan holda ochdi. Qochmoqchi bo‘ldi, yana uxlatishdi.
— Nimalar bo‘lyapti? Iltimos, meni qo‘yib yuboringlar! Men oilamning yonida bo‘lishim kerak, men ularga kerakman!
— Gapimni eshiting, siz bu yerdaligingizga bir necha oy bo‘ldi. Va har kuni bir gapni takrorlaysiz. Tushuning, sizning oilangiz yo‘q... Biz sizning oilangiz, — shifokor yumshoq ohangda tushuntirishga harakat qildi.
— Oy?! Qanday qilib? Meni qo‘yib yuboringlar! Iltimos! Bo‘lmasa ular o‘lishadi!
Sodiqqa yana tinchlantiruvchi dori qilishdi va u yana uyquga ketdi...
— Eshityapsizmi, biz qo‘shnimizni ko‘rmaganimizga 2 hafta bo‘ldi, — Sodiqning qo‘shnisi militsiyaga qo‘ng‘iroq qildi. — Bu shubhali. Sodiq ham yo‘qolib qolgan. Biz nimadir bo‘lgan deb o‘ylayapmiz. Ammo uyidan badbo’y hid chiqmoqda
— Ism-familiyangizni va manzilingizni ayting?
— M..........
15 daqiqada yetib kelgan militsiya xodimlari eshikni buzishga majbur bo‘lishdi. Ichkarida noxush hid anqirib turardi. Ular 2 hafta oldin o‘lgan, chiriyotgan murdalarni topishdi. Mehmonxonada shirinliklar bilan yotgan, bo‘g‘ib va bo‘ynidan so‘yib o‘ldirilgan, keyin esa osib qo‘yilgan bolalarni; oshxonadan bir necha bor bo‘yni kesilgan erkakni hamda yotoqxonada yalang‘och yotgan, bir necha marotaba bo‘yni kesilganda vafot etgan ayolning murdasini topishdi...
Murdalarning barchasi bo‘yni kesilganidan o‘lgan, qolgan jarohatlar esa ular o‘lganidan keyin yetkazilgandi...
Jafarov Sodiqning kasallik tarixi:
"Jafarov Sodiq kasalxonaga hushsiz ahvolda olib kelindi. Guvohlarning aytishicha, bemor kun davomida o‘zini g‘alati tutgan, o‘zi bilan o‘zi gaplashgan.
Uni olib kelishganda tanasida hech qanday jarohat va sog‘lig‘iga xavf soladigan kasallik alomatlari topilmadi.
Faqat unda g‘alati holatlar kuzatildi. U bilan muloqotda bo‘lgan va turli tahlillarni o‘tkazgan shifokorlar "Shizofreniya — oxirgi bosqichi" tashxisini qo‘yishdi.
Jafarov Sodiq o‘z oilasini qutqarish uchun iblis bilan shartnoma tuzganini aytmoqda. U oilasini shuncha vaqt tirik ko‘rganini ishonch bilan ta’kidlamoqda, haqiqatda esa ular allaqachon o‘lgan bo‘lsa ham.
Bemor hozirda izolyatorda saqlanmoqda. Sud uni davolanishga hukm qildi. Tashxis qayta o‘tkazilgan tekshiruvda ham o‘z tasdig‘ini topdi."*
Sodiq ko‘zini yana o‘sha xonada ochdi. U taqdirga tan bergandi, endi oilasini qutqara olmaydi...
Yonidan qadam tovushlarini eshitib, ma’yus holda yoniga qaradi. Bu o‘sha u bilan kelishuv tuzgan notanish kimsa edi! Sodiq uni ko‘rib baqirmoqchi, burdalab tashlamoqchi bo‘ldi... Lekin bu hech narsani o‘zgartirmasligini anglab, uni eshitish bilan kifoyalandi.
— Kelishuvni tugatgani o‘zim keldim, Sodiq... Afsus... hafsalamni pir qilding. Men sen bilan kelishuv tuzish qiziqarliroq bo‘ladi deb o‘ylagandim. Seni har kecha o‘z oilangni bir xil uslubda o‘ldirishingni tomosha qilish naqadar zerikarli bo‘ldi! Xa, mayli... Bilasanmi, hozir sendan ko‘ra yaxshiroq nomzod topganman. Umid qilamanki, u berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, meni zeriktirmaydi... E-eh, Sodiq, qani edi sen ko‘rganlaringning barchasi shunchaki ko‘zingga ko‘ringanini boshidanoq bilganingda edi! Men bilan kelishuv tuzmagan va o‘lgan oilangni har kecha qayta o‘ldirmagan bo‘larding... Lekin men so‘zimda turdim: ko‘zingga ko‘ringan bo‘lsa ham, ularni sog‘ va omon ko‘rding... Qo‘rqma, men sening ruhingni hozir olib ketmayman. Sening o‘lishingni kutaman... Hozircha esa seni shunchaki azoblash bilan kifoyalanaman. Endi har kecha xotining va o‘g‘illaring sen ularni o‘ldirgan paytda yoningga kelishadi. Sen ularning og‘rig‘ini, azobini his qilasan... Bu yer mening sobiq mijozlarim bilan to‘la. Ishonamanki, bu yerda o‘zingga mos yaxshi do‘stlar topasan...
Notanish kimsa yo‘qolishi bilan xonada uning oilasi paydo bo‘ldi va uni ming bir azobga sola boshladi... Sodiq bor ovozi bilan baqirdi, to‘polon ko‘tardi — toki unga kuchli tinchlantiruvchi dori dozasini yubormaguncha...
Mana, uch oydirki, shifokorlar soat 02:30 dan 03:00 gacha Sodiqning chinqirgan ovozini eshitishadi va uni tinchlantirishadi...
Sodiqning hayoti yerdagi do‘zaxda har kuni bir xil davom etardi... O‘limini esa tasavvur qilmagan ma’qul...
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
2Hikoyangiz zor ammo qiynalganlar kop keling hikoyalarda baxtli yashilik
Hammaning o'z yo'nalishi bor