Oyog‘im ostiga stolni qo‘ydim. Sirtmoq tayyor. Bo‘ynimni tiqsam bas — keyin stolni tepib yuboraman. Oyoqlarim tovuq oyog‘idek titraydi, ko‘zlarim kosasidan chiqib ketgandek bo‘ladi. Agar hech kim kelib qolmasa, bir necha soniyada barcha tashvish va muammolardan xalos bo‘laman. Eng to‘g‘ri yo‘l shu, deb o‘ylayman. Axir men kabi muammoga botganlarning hammasi shu yo‘lni tanlagan-ku… Bu muammolarning sababi — ijtimoiy tarmoqlarda muvaffaqiyatga erishgan blogerlar, yangi uy, mashina sotib olgan do‘stlarim edi. Men tunu kun shularni tomosha qilib umr o‘tkazardim. Har kuni kimdir uy olgan, kimdir chet elga sayohat qilgan. Men esa qorong‘i, sovuq xonada, chirog‘i ham to‘g‘ri yonmaydigan uyda o‘tirib: “Nega menda bular yo‘q?” deb ich-ichimdan ezilardim. Bir oy ichida beshta ishdan bo‘shadim: birining oyligi yoqmadi, birining boshlig‘i, boshqasining ishi yoqmadi. Men yaxshi joyda, katta lavozimda ishlashni, katta maosh olishni xohlardim. Oliy ta’limda o‘qimasdan ham biznes egasi bo‘lganlar bor, men ham shulardan biri bo‘lishni istardim. Ko‘p pulim bo‘lsa, ishlamay yotsam, pul o‘z-o‘zidan ko‘payib boraversa, deb orzu qilardim. Qiladigan ishim — Instagramda boylarning hayotini tomosha qilish edi. Uyda ish bor: molga qarash, qo‘y boqish kerak. Bunday ishlar menga to‘g‘ri kelmaydi, deb o‘ylardim. “Bunaqa ishlarni otam qiladi, ovqatni onam pishiradi,” derdim. Uylanishdan oldin biror ish boshlab olay, deb o‘ylardim, ammo yoshim o‘ttizga kirib qolgan edi. Otam-onamning yoshi salkam oltmish. Ular hali tetik, pensiyalari yetadi, deya o‘zimni ovutardim. Ammo men bundan ham boyroq, baxtliroq yashashni xohlardim. Shunaqa kunlarning birida do‘stim Akrom keldi: — Ha, yotibsanmi, xayolan boy bo‘lib? — dedi. — Nima, senga og‘irligim tushyaptimi yoki sendan yordam so‘radimmi? — dedim. — Yotish yaxshi, lekin shu yotgan holingda ham pul topish mumkinligini bilasanmi? — dedi u. Birdan miyamda nur yongandek bo‘ldi. “Nahotki u men xohlagan ishni topgan bo‘lsa? Nahotki bu orzu emas, ro‘yob bo‘lsa?” degan fikrlar miyamdan o‘ta boshladi. O‘sha kuni Akrom taklif qilgan pul topish yo‘li hayotimni bu qadar o‘zgartirishini tasavvur ham qilmagan edim. — Boshlash uchun ozroq pul kerak bo‘ladi, — dedi u. — Qancha? — dedim. — Qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘p foyda bo‘ladi. O‘sha kuni onamning pensiyasi tushadigan kun edi. Onam kartadan pul yechishni bilmasdi, men yechib berardim. — Aya, pensiyangiz tushgan bo‘lsa, bering, yechib kelib qo‘yaman, — dedim. — O‘sha joyda olib, qarzlarimizni ham berib kel, yarmiga yetib qolar, — dedi onam. Onam sovuq uyda ustiga qalin jemper, boshiga puf ro‘mol o‘rab, oyoqlariga maxsi kiyib, elektr isitkich yonida titrab o‘tirib kitob o‘qiyotgan edi. Men kartani olib, mahalladagi bankomatga bordim. Kartadan bir million ikki yuz ming so‘m yechdim. Qanchasini olib qolishimni, onam “Qolgani qani?” desa nima deyman, deb yo‘l bo‘yi o‘yladim. Pulning yarmini olib qoldim, onamga esa do‘stimning onasi kasal ekanini, pul kerakligini aytib yolg‘on gapirdim. Kechqurun Akromning oldiga bordim. U telefonidagi bir ilovaga pul solib, pulni o‘n foizga ko‘paytirish mumkinligini aytdi. O‘sha kecha uning uyida qoldim. Onamga yolg‘on gapirganim uchun afsuslanmadim. Chunki bu pullarni ko‘paytirib olib kelib, uyimizdagi muammolarni hal qilaman, deb o‘ylardim. Tongga yaqin olti yuz ming so‘mim uch million bo‘ldi. O‘zimda yo‘q quvonib, uyga qaytdim. Ammo pullarni uyidagilarga bermadim. Uni yana ko‘paytirish, yanada ko‘proq pul topish kerakligi haqidagi Akromning gaplari meni o‘rab olgan edi. “Agar tikib yutqazsam, hammasi yo‘q bo‘ladi. Ammo ko‘paytirish ham mumkin. Tavakkal qilish kerak,” deb o‘ylardim. Akromdagi ilovani telefonimga o‘rnatdim. Avvaliga oson, oddiydek tuyuldi. Biroz pulimni yutqazdim. Keyin o‘sha pullarni qaytarib olish uchun qolgan pullarni ham o‘yinga tikdim. Bir soat ichida barcha pulimdan ayrildim. “Qanday yutqazgan bo‘lsam, shunday yutib olaman,” deb o‘yladim. Otam ro‘zg‘or uchun olib qo‘ygan pullari qayerda turishini bilardim. U pullarni olib, yutqazganlarimni qaytarib, yana ko‘proq yutib olishni o‘yladim. Otam bilib qolsa, yerga urib somon tiqadi, deb qo‘rqardim. Ammo: “Otam bilib qolguncha men ikki barobar qilib joyiga qo‘yib qo‘yaman,” deb o‘yladim. O‘sha pullarni tikdim. Dastlab yutqazgan pullarimni va otamning pulini ikki barobar qilib joyiga qo‘ydim. Endi menda yangi telefon olishga ham pul bor edi. Ijtimoiy tarmoqlardagi boylar kabi, men ham tishlangan olma surati tushirilgan telefon egasi bo‘ldim. Qolgan pullarni esa yana ko‘paytirib olaman, deb o‘yladim. Bir hafta davomida yutdim. Qo‘limda pul bor edi, lekin bu pul men orzu qilgan hayot tarziga yetmasdi. Shunda bor pulimning hammasini o‘yinga tikib, ikki barobar qilish niyati paydo bo‘ldi. Bu niyatimni amalga oshirdim. Ming afsus, barcha pulimdan ayrildim. Yonimda bir tiyin ham qolmadi. Qo‘limdagi telefonni sotib, yana yutib olish umidi bilan o‘yinga kirdim. Ammo bu ham foyda bermadi. O‘yin uchun pul solish g‘aznasiga bordim. Tikishga pulim yo‘q edi, qarz olib yutib qaytarishni rejalashtirdim. G‘aznachi bu o‘yindan oylik olar edi. Ammo u menga qarz bermadi. Keyin eng ishonchli joy — bank, deb o‘yladim. O‘zimga berishmasligini bilardim, lekin otamga kredit aniq berishadi. Chunki uning pensiyasi yaxshi. Uyga qaytib, otamning telefonidan online kredit oldim. Otamga “sug‘urtaga tushib bering, esdalik bo‘lsin,” degan bahona bilan o‘ttiz million so‘m oldim. Hammasini o‘yinga tikdim va yana omadsizlikka uchradim. “Yo‘q, shuncha payt yutganman, yana yutishim aniq,” deb o‘yladim. Qarz olishim kerak edi. Barcha tanishlar, qarindoshlar, qo‘shnilar — hammasidan qarz ko‘tardim. Naqd ellik million so‘m yig‘ildi. Hammasini tikdim. Uch kun ichida barcha pullardan ayrildim. Endi qarzlarni qanday qaytarishni o‘yladim. Yo‘li bitta: qayerdan bo‘lmasin pul topib, o‘yinda yutqazgan pullarni qaytarib olish. Qarz so‘rab keluvchilar boshlanib ketdi. Bankdan otamga qo‘ng‘iroqlar bo‘la boshladi. Otam bu kreditdan bexabar ekanini aytsa ham, ular “Bu sizning nomingizga olingan,” deb, pensiya tushishi bilan yechib olishardi. Bularning barchasini men qildim. Oilamni qarzga botirdim. Na bir ishda ishladim, na hunar o‘rgandim, na tayin o‘qidim. Umrim faqat boshqalarning hayotini tomosha qilish, ularga o‘xshab boy yashash orzusi bilan o‘tdi. Bu muammolarning yechimi bitta, deb o‘yladim — ketish. Bu dunyodan ketish. O‘lsam, hammasidan qutulaman, hamma menga achinadi, qayg‘uradi. Balki qarzlardan ham voz kechishar. O‘z joniga qasd qilish katta gunoh ekanini yaxshi bilaman. Lekin bu qadar qarzni qanday qaytaraman? Nima qilay? “Tig‘ bilanmi? Yo‘q, tirik qolib qolishim mumkin. Dorimi? Oshqozonni yuvishadi. Tomirni kesishmi? Bu ham bo‘lmaydi. Eng ma’quli — sirtmoq. Tez va oson o‘lim,” deb o‘yladim. Keyin: “Menga janoza ham o‘qilmaydi-ku. U dunyoda nima bo‘ladi?” deb o‘ylab, yuragim yana ezildi. “Bilmadim, bilmadim… Hozir bu muammolarning yechimi bitta — boshqa chora yo‘q,” deb o‘zimni ishontirardim. “Chet elga ketsam ham bu pulni topa olmayman. Uyimizni sotsak-chi? Yo‘q, keyin qayerda yashaymiz? Tamom, qaror qat’iy: sirtmoq.” Lekin yana o‘yladim: “Otam-onamga shuncha muammoni tashlab ketamanmi? Men befoyda farzand bo‘ldim. Tirikligimda foydam tegmadi, endi o‘lib ham zarar keltiraman. Ertaga otamdan qarzni so‘rab kelishadi, bankdan kelishadi. Demak, o‘lim ham yechim emas.” Shunda ichimda bir ovoz uyg‘ondi: Muammodan qochish emas, uni bartaraf qilish kerak. Uni yengish kerak. O‘lim bilan muammo hal bo‘lmaydi. O‘zim orttirgan muammoni o‘zim hal qilishim kerak. Mas’uliyatni o‘zim olishim kerak. O‘lim yechim bo‘la olmaydi. Sirtmoqni uzdim, stolni olib tashladim. O‘sha kunning o‘zida ishga joylashdim. Asta-sekin qarzlardan qutuldim. Hayotimni yo‘lga soldim. Taqdirimga qanday hayot yozilgan bo‘lsa, shunga shukur qilib yashay boshladim. Endi birovlarning soxta hayotiga havas bilan emas, o‘zimning hayotimga shukr bilan qarab yashayman.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0