Ba'zan taqdir yo'llari biz kutmagan lahzada, eng oddiy yomg'ir tomchisi ostida kesishadi...
🩰 Sirinning kundaligidan:
Bugun darslarim odatdagidan ko'p edi. Ertalabdan beri o'quv markazida yangi guruhlar uchun grammatika dars ishlanmalarini tayyorladim. O'quvchilarim talaffuz ustida ishlashni juda yaxshi ko'rishadi, shuning uchun bugungi mavzuga ingliz tilida so'zlarni bir-biriga ulab, ravon gapirish qoidalarini ham qo'shgandim. Bu qog'ozlarni yig'ishtirar esam, charchaganimni his qildim. Havo ertalabdan beri o'zgaruvchan edi, lekin men baribir soyabonimni uydan olishni unutibman.
Markaz binosidan ko'chaga chiqqanimda, osmonni to'satdan qora bulutlar qopladi. Uyga tezroq yetib olishim kerak edi, chunki onam qo'ng'iroq qilib, kechki ovqatga yordamlashishimni so'ragandi. Ammo ko'chaning yarmiga yetganimda, yomg‘ir kutilmaganda shunday shiddat bilan quydiki, o'zimni qayerga qo'yishni bilmay qoldim. Shamol kuchayib, to‘lqinsimon sochlarim bir pasda ho‘l bo‘ldi-yu, yuzimga yopishib qoldi. Ko'chada odamlar har tomonga shoshib yugurishar, mashinalar esa tezligini kamaytirmay, yoʻlovchilarga suv sachratib o‘tib ketishardi. Loyqa suv kiyimlarimga tegishidan qo'rqib, yo‘l chetidagi ko‘lmaklardan qochishga urindim.
Shu payt orqamdan kelayotgan katta, qora mashinaning ovozini eshitib, beixtiyor to‘xtadim va chekkaroqqa tortildim. Hozir ustimga loyqa suv otilib kelishini kutib, chor-nochor ko‘zlarimni qisib oldim. Ammo kutilmagan voqea sodir bo‘ldi — mashina shundoq yonimdagi ulkan ko‘lmak qarshisida silliqgina to‘xtadi.
Mashina oynasi ohista pastga tushdi. Ichkaridan menga qarab turgan yigitni ko‘rdim. Uning tabiiy o‘stirilgan sochlari peshonasiga biroz tushib turardi. Lekin meni eng hayratga solgani — uning tim qora va nihoyatda vazmin ko‘zlari edi. U hech narsa demasdan menga tikilib qoldi. Men ham uning kutilmagan olijanobligidan va o‘sha o‘tkir nigohidan bir muddat hayron bo‘lib, moviy ko‘zlarimni undan uzolmay qoldim. Atrofda yomg‘ir savalar, hamma shoshar edi, lekin biz bir necha soniya bir-birimizga termulib, sukut saqlab turardik. Keyin u mashinasini ohista yurgizib, ketdi. Men esa ortidan qarab qoldim.
Uyga qanday yetib kelganimni ham bilmayman. Ostonadan hatlab kirishim bilan onamning xavotirli ovozi eshitildi:
— Voy xudoyim-ey, ust-boshing jiqqa ho‘l bo‘lib ketibdi-ku, qizim! Tezroq kiyimlaringni almashtir, shamollab qolasan!
Onamga jilmayib, xotirjam ekanimni bildirdim-da, o‘z xonamga o‘tdim. Eshikni yopib, oynaga qaradim. Sochlarim hamon nam, yuzimda esa yomg‘ir tomchilari qolgandi. Lekin lablarimda... qandaydir sababsiz, mayin tabassum bor edi. Issiq kiyimlarimni kiyib, deraza yonidagi stulimga o‘tirdim. Tashqarida yomg‘ir hamon shiddat bilan yog‘ardi. Stolim ustida yotgan krem rangli nafis daftarchamni qo‘limga oldim.
Odatda bu daftarga faqat ingliz tilidagi yangi iboralar yoki o‘qigan kitoblarimdan iqtiboslar yozardim. Ammo bugun qo‘limga qalam oldim-u, o‘sha ko‘lmak oldidagi lahza haqida yoza boshladim. Ko‘z angle-ko'rinishidan o‘sha katta qora mashina va undagi jiddiy yigitning qiyofasi ketmasdi.
"Bugun shahar ustiga sokin ilhom to'kildi,"— deb yozdim qog‘ozga. "Hamma o'zini qutqarishga shoshayotgan bir paytda, suv sachratmaslik uchun to'xtagan o'sha insonda... uning o'tkir va tim qora ko'zlarida allanechuk vazminlik bor edi. Go'yo yomg'ir faqat biz ikkimiz uchun to'xtab qolgandek bo'ldi..."
Qalamni qo‘yib, o‘z yozganlarimga o‘zim hayron bo‘lib qarab qoldim. Nega bunchalik ta’sirlandim? Axir u shuncharki yo‘lda ko‘rganim, ismini ham bilmaydigan begona bir inson-ku. Lekin uning o‘sha nigohi yuragimning qayeridadir chuqur joyida o‘chmas iz qoldirgandi.
📐 Anasning kundaligidan:
Bugungi kun kompaniyaning choraklik moliya hisobotlari sababli va buxgalteriya ishlari bilan juda og'ir o'tdi. Ofisda soatlab raqamlar, jadvallar va soliq hujjatlari bilan band bo'ldim. Ish bilan bo'lib vaqt o'tganini ham sezmabman. To'g'risi, boshim qattiq og'riyotgandi, shuning uchun hamma narsani yig'ishtirdim-da, mashinaga o'tirdim. Yomg‘irli kunlarni unchalik yoqtirmayman. Shahar yo‘llari ko‘lmakka to‘ladi, harakat sekinlashadi va odamlar asabiy bo‘lib qoladi. Rulni qattiq ushlagancha mashinamni tezroq uyga haydashni, tinchgina dam olishni o'ylayotgandim.
Oldindagi burilishda yo‘l chetidan shoshib ketayotgan bir qizga ko‘zim tushdi. Uning soyaboni yo'q edi. Shamolda to‘lqinlanib turgan uzun sochlarini va qo'lidagi hujjatlarini yomg‘irdan to‘sishga urinib, tez-tez qadam tashlardi. U shunchalik ojiz ko'rinardiki, bu shafqatsiz yomg'ir ostida butunlay yolg'iz qolgandek edi.
Mashinam shundoq uning yonidagi katta ko‘lmakka yaqinlashganda, beixtiyor tormozni bosdim. Agar tezlikni kamaytirmasam, uning nafis kiyimlari loyqa suvga belanishi aniq edi. Men har doim tartib va qoidalarga amal qiladigan odamman, lekin bu safar meni shunchaki qoida emas, ichki bir turtki to'xtatgandi. O‘ng tomondagi oynani pastlatib, qizga qaradim.
U hozir ustidan suv sachrashini kutib, qo‘rqibgina to‘xtab qolgan ekan. Ko‘zlarini ochib menga qaraganida... ichimda nimadir o'zgarganini his qildim. Uning tiniq moviy ko‘zlari bor edi. Hayotimda bunday rangni ko‘rmagandim — xuddi bo‘ronlik osmondagi ochilib qolgan musaffo pargachadek tiniq edi. Shamol uning to‘lqinli sochlarini yuziga urardi, u esa hayrat va ajablanish bilan menga tikilib turardi. Men gapirishni ham, mashinani yurgizishni ham bir soniyaga unutib qo‘ygandim. Mashinani sekin yurgizib ketar ekanman, ko‘zgudan uning ortidan hayron bo‘lib qarab qoldim.
Mashinani uyning garajiga kirgizib, dvigatelni o‘chirdim. Garajning jimjitligida rulda qo‘llarimni qo‘yib, ancha vaqt qimirlamay o‘tirdim. Odatda ishdan keyin uyga qaytsam, miyamda ertangi kungi reja, uchrashuvlar yoki moliya hisobotlari aylanardi. Ammo bugun emas.
Uyga kirib, ko‘ylagimning tugmalarini yechdim va divanga og‘ir o‘tirdim. Xona jimjit, faqat derazadan urilayotgan yomg‘ir ovozi eshitilardi. Ko‘zlarimni yumsam, o‘sha lahza — ko‘cha o‘rtasida yomg‘ir ostida qolgan, moviy ko‘zlarida hayrat va biroz qo‘rquv qotib qolgan qizning qiyofasi namoyon bo‘laverdi. Shamolda to‘zg‘igan uzun sochlari, ojizgina turishi... U menga shunday qarab turardiki, go‘yo yillar davomida kiyib yurgan sovuq va jiddiy niqobimni birgina nigohi bilan yechib olgandek edi.
Stol ustidagi noutbukni ochdim-u, ishlashga harakat qildim. Ammo raqamlar ko‘zimga ko‘rinmasdi. Hayotimda birinchi marta o‘zim boshqarolmaydigan, tushunolmaydigan qandaydir hissiyotga duch kelgandim. Bu o‘tkinchi holatmi yoki taqdirning bir ishorasimi, bilmasdim. Faqat bitta narsani aniq bilardim — u kim bo‘lmasin, uning o‘sha musaffo osmondek tiniq moviy ko‘zlarini boshqa hech qachon unutolmayman.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0