G’ARIB.
(Hikoya)
Chumolilar qishga ozuqa yig’ish uchun u yoqdan, bu yoqqa o’tib yurganlaridek, Bo’ston shahrining markazida joylashgan bulvarda odamlar har tomonga oshiqadi. Ba’zilar yurishdan charchab skameykalarda dam olishadi. Har-har joyda uzukka ko’z qo’ygandek bo’lib juftliklar ko’zga tashlanadi.
Iyulning jaziramasi, butun olamga o’t qo’ymoqchiday bo’ladi. Yigirma yoshlar atrofidagi sarg’ish yuzi quyoshning nuridan qizarib ketgan, peshonasida reza-reza terlar ko’zga tashlanib turgan Bektemir issiqning kuchliligidan nafas olishga ham qiynalmoqda. Unga butun olam alanga ichida qolib ketganday tuyiladi. Uzuq-yuluq o’ylari ichida:
,,Bu dunyoning issig’i shunday bo’lsa…” degan gap o’qtim-o’qtim miyyasiga qadaladi.
U issiqning kuchliligidan majolsizlanib, yurib borar ekan, yosh bolalarning bir-birlarini quvalashib yurganlariga, odamlarning xandon otib kulayotganlariga va atrofidagi go’zal manzaralarga guvoh bo’lardi. Bir qarashda butun olam ezgulik va baxt-u saodatga burkangandek ko’rinardi.
Ammo, ularning orasida bir chetda g’amga botib o’tirgan odamlar ham ko’zga tashlanardi. Ular xuddi o’zga dunyo vakillariga o’xshardi. Odamlar ularga qiyo ham boqmas, o’zlarini yerda emas, osmonda yurayotgandek his qilardilar.
Bu ham yetmaganday ko’pchilikning qo’lida telefon bo’lib, ular undan ko’z uzishmas, qayoqqa ketayotganlarini anglamasdilar. Misoli, ayrim odamlar telefonni emas, telefon odamlarni boshqarayotgandek… U boshlab borayotgan manzil jarlikka olib boryaptimi, yoki baland cho’qqilargami, faqatgina Yaratgangagina ayon.
U chalkash fikrlar og’ushida odimlarkan:
--Hoy yigit. Birdaqiqaga mumkinmi?--degan ovozdan sergak tortdi.
Uning ro’parasida o’ttiz yoshlar atrofidagi, odmigina kiyinib olgan yo’lovchi turardi. Boshida yag’iri chiqqan kepka, qo’lida salafan sumka bor edi.
--Ha tinchlikmi?
--Bir yordam berib yubora olmaysanmi?
--Qanday…
--Yoningda o’n ming so’m bo’lsa, berib turgin. Yo’lkiraga yetmay qolgandi.
Bektemir uning bu beandisha so’zlarini eshitib, ichida ,,Axmog’ingni topibsan” deb g’ijinib qo’ydi. Tilidan esa:
--Uzr aka. Hozir mayda pulim yo’q edi--degan so’zlar chiqdi. Shu bilan yuqumli kasallik yuqtirib oladigandek, notanish odamdan uzoqlashdi. Ichida:
,,Mendan boshqa qurib qolibtimi? O’zi bundaylar o’zlaridan g’aribni yasab olib, odamlardan pul undirishdan boshqasini bilmaydi. Xudo, ularga hamma qatori sog’lom qo’l, sog’lom oyoq bergan bo’lsa, ishlasa bo’lmasmikan-a? Birovdan olib yeyayotgan noni qanday qilib oshqozoniga botmas ekan.” deb o’ylab qo’ydi.
Uning ortidan mo’ltirab qarab qolgan bir juft ko’zda esa, shunday so’zlar akslandi:,,Nahotki, shuncha odamlar ichidan bitta mardi chiqmasa?!Axir men yolg’on gapirayotganim yo’qku!
Ertalab yaxshi niyat bilan mardikor bozorga borgandim. Uyda ro’zg’orning oxiri ko’rinib qolgandi. Shu sabab, kunning issiqligiga ham ahamiyat bermagandim.
Yonimga allaqayoqdan bir mijg’ov odam kelib, uyida yer ag’darish kerakligini aytdi. Uning ko’zlari bir joyda turmasdi. Mening hozirgi vaziyatim ish tanlaydigan emas edi. Ishni peshingacha do’ndirib tashladim. Eng yomoni mana shundan keyin yuz berdi. Xo’jayinga:
--Mana--dedim qilgan ishimni ko’rsatib--bitirdim.
--Ha boplabsiz!--dedi u mug’ombirona boqib--Juda yaxshi ishlaysiz ekan. Shu desangiz, ho’v anavi yerda, burchakda uyilib turgan o’tinlarni ko’ryapsizmi? Ana o’shalarni mayda-mayda qilib chopib, og’ilxonaga taxlash kerak.
--Bu ishning menga nima aloqasi bor!
--Tushunmadim. Nima deganingiz! Hozir mazza qilib palovxonto’rani paqqos tushiramiz. Ana undan keyin, ,,Bismilloh” deb, ishni boshlayverasiz.
--Qanday bedodlik! Biz siz bilan faqat yer ag’darishga kelishgan edik-ku!
--Hech qanaqasiga! Meni axmoq deb o’ylayabsizmi? Men sizni bir kunga sotib olganman.
Men uning bu gapini eshitganimdan keyin, qo’limdagi salafan sumkani bor kuchim bilan yerga urdim.
--Nima… Siz hali shunaqa odammisiz? Homtama bo’lasiz! Agar ishlashimni hohlasangiz, yana pul qo’shishingiz kerak.
--Indamagan sari haddingizdan oshmang! Hohlasam bir so’m ham bermasligim mumkin.
--Shundaymi?! Unda o’zingiz siylov -- o’sha odamning umridan aziz bo’lgan aqchalaringiz!
--Bilganingizni qiling. Hech kim sizni majburlab ishlatgani yo’q.
U ortimdan yana nimalardir deb so’ylangancha qolib ketdi. Men darvozasini taraqlatib yopgancha chiqib ketdim, bu razolatga botgan uydan.
Shu bilan ikki qo’lim bo’m-bo’sh qoldi… Agar boshqa choram bo’lganda edi… Hech qachon gadoylardek pul tilanib yurmagan bo’lardim. Har holda nomard odamning sadaqasidan, saxovatli odamning muruvvati afzal. Lekin, qani o’sha muruvvatli shaxs...”
Shunday alamli tuyg’ularni qalbidan o’tkazgan notanish odam, olomon ichida ko’zdan g’oyib bo’ldi.
Bu vaqtda Bektemir allaqachon uyiga yetib, hamma qatori dam olishni boshlab yuborgandi.
U notanish odamdan uzoqlashgach, bir necha daqiqagina bo’lgan voqeani o’yladi. Shu bilan hammasi esidan chiqdi.
Kunlar bir zaylda o’tib borardi. Bektemirning hayoti ham o’z o’zanidan chiqmay oqaverardi. Oqqan daryo ortga qaytmaydi. Faqat, uning yo’nalishinigina o’zgartirish mumkin.
Bir kuni hamkasbi Ortiq aka bilan tushlik qilgani ishxonasiga yaqin joydagi taomxonaga borishdi. Ular taomlanish bilan bir qatorda dunyoda bo’layotgan ishlarni ham muhokama qilishdi. Ortiq aka shopmo’ylovini qo’li bilan tekislab, qalin qoshlarini uygancha:
--Falastinda qanchadan qancha musulmonlar halok bo’lishyapti. Yer qanday qilib, bunday jaholatni ko’tarib turibdi ekan-a?!-- dedi.
--Nimasini aytasiz! Ularning orasida norasida bolalar ham bor. Axir ularning gunohi nimada?!
--O’zi ular bir parcha yer uchun shunday qilishyapti. Lekin, ular unutishganki, yer kimga vafo qilibdi-yu, bularga vafo qilsa?!
--Ha endi bizning qo’limizdan nima ham kelardi.
--Bu nima deganingiz. Biz ularga juda katta yordam berishimiz mumkin.--u ovozini pasltlatib dedi--Ularning haqqiga duo qilishimiz kerak. Zero, duo qadarni o’zgartiradi.
--To’g’ri! Bu tomonini hech o’ylab ko’rmagan ekanman.
Ular ovqatlanib bo’lishgach, hisobni to’lashdi-da, ishxonaga qayta boshlashdi. Biroz yurishgan ham edi-ki, yo’llaridan nogironlar aravachasida o’tirgan qirq yoshlar atrofidagi odamga duch kelishdi. Shu vaqtning o’zida ortiq akaning telefoni asabiy jiringlab yubordi.
--Ha nima deysan… Bir ishni ham eplolmadingmi? Men hali ishdaman. Uyga qaytgunimcha sabr qilib tur...
U telefonda gaplashish asnosida ancha ilgarilab ketdi. Bektemir esa, aravachada o’tirgan odamning:
--Shoshmanglar. Xudo xayr bergurlar!--degan so’zlarini eshitib, to’xtadi.--O’glim bir yaxshilik qilgin.
Uning ovozi xirqirab chiqar, Bektemir tomonga cho’zilgan qo’li dag’-dag’ qaltirar, ko’zidan tomchi-tomchi yosh oqardi. Qurib yorilib ketgan lablari qimtilib-qimtilib ketardi.
--Ho’p. Qo’limdan kelsa bajonidil!
Bektemir bu so’zlarni aytarkan, qarshisida chorasiz turgan odamning o’tkir nigohlariga bardosh bera olmay, ko’zlarini chetga oldi. U bu ko’zlarda izohlab bo’lmas, bir olam baland-past jilg’alarni ko’rardi. Tilidan esa:
--Bolam juda chanqab ketdim. Ho’v anavi yerdan bir yutum suv olib kelib ber.
--Hozir bir daqiqa kutib turing. Darrov olib kelib beraman!
Bektemir hayoti davomida ilk bor, haqiqatdan ham yordamga muhtoj bo’lgan odamni uchratganidan bir xursand bo’lsa, bir uning bunday mushkul ahvolidan o’zini qo’yarga joy topa olmasdi.
U magazin tomon ketar ekan, katta yo’lda, avtoulovlar shovqin chiqargancha manzillari tomon oshiqardi. Allaqayoqdan daydi shamol turib, yer yuziga olov purkayotgandek bo’lardi. Yo’l chetidagi tratuarda ikki kishi nimanidir bo’lisha olmayotganday bir-biri bilan baqirib tortishardi.
Bektemir bir amallab magazinga yetib oldi. Magazinchi bilan salom alik qilgandan so’ng:
--Gazsiz suv berib yuboring--dedi. Shu asnoda u qo’lini cho’ntagiga solgandi, yo’l kirasigagina yetadigan pul chiqdi. U bu pulga boqarkan, ko’zining oldida bir necha kun oldin uchratgan o’sha notanish odam paydo bo’ldi. Shunda ich-ichidan nimadir uzilganday bo’ldi. Nima qilishini bilmay bo’shashdi. Bir necha daqiqa ana shunday turib qoldi. Suvni ushlab turaverganidan qo’li tolgan sotuvchi:--Olsangiz oling! Bo’lmasa meni bunday sarson qilmang--dedi qo’lidagi suvni oldida turgan stolga do’q etib urib.
--Ha mana. Uzr biroz chalg’ibman--dedi Bektemir qo’lidagi pulini shoshilib uzatarkan. Sotuvchi pulni oldi-da, suv bilan ,,qaytim”ni uzatdi.
Bektemir amakining oldiga qaytib keldi. Qo’lidagi suvni bergandi, sahroda qolib ketganday, yutoqib-yutoqib ichayotganini ko’rib, yuragi uvushib ketdi.
--Ey Xodo! Yetkazganingga shukur!--deb qo’ydi suvni ichib bo’lgach. Keyin kaftini falakka ochdi-da, uzundan uzoq duo qildi. Yuziga fotiha tortgach:
--Suvday serob bo’lgin--deb qo’ydi.
--Mayli yaxshi o’tiring.
Bektemir ishxonasi tomonga yo’l oldi. U yurib borar ekan, daydi shamol tingandi. Avtoulovlar bir maromda hararakatlanardi. Boyagi bir biri bilan urishayotgan ikki odam ham murosaga kelganday jim turardi. Bektemir yengil nafas oldi.
Ortiq aka katta yo’lning u betida hali ham kutib turgan ekan:
--Namuncha hayallading--dedi biroz qo’rslik bilan. Quyosh rahm-shafqat qilishni bilmasdi. Ular yurishda davom etishdi.
--Boyagi amaki bor-ku! Bechora juda chanqab ketgan ekan…
--Shundaymi?! Bir savob ish qilibsan-da.
--Ha uzoq duo qildi. Umrimda hech kim meni bunchalik alqamagandi.
--Men uni taniyman! Mahalladoshim. O’g’illari noqobil chiqdi-da!
--Biz nima ham deya olardik. Aytganday, qarzga pul berib tura olasizmi? Yo’lkiramga pulim yetmayapti.
--Albatta. Sen bu yog’idan xavotir olma! Yana bir narsani hech qachon yodingdan chiqarma. Xudo mana shunday ishlar bilan ,,ishora” berayotgan bo’lishi mumkin.
Bu vaqtda ular ishxonalariga yetib kelishgandi…
25.07.2026 22:45 Zomin
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0