Tungi shahar... atrof zulmatga cho‘mgan. Shabnam xonasining derazasidan tashqariga qarab turardi. Uning xayolida birgina orzu — ulkan dunyoni ko‘rish, yangi joylarni kashf etish, dunyo bo‘ylab sayohat qilish edi. Ammo u tashqariga chiqa olmasdi. Chunki saraton kasalligiga chalingani sababli shifokorlar unga ko‘chaga chiqishni taqiqlashgan edi.
Shabnam pardalarni asta tushirib, derazani to‘sdi va nogironlik aravachasini ish stoli tomon burdi. Stol ustidagi noutbukini oldi. U dunyoni faqat shu noutbuk orqali tomosha qilardi. Har kuni turli mamlakatlar, go‘zal shaharlar va betakror tabiat manzaralarini ko‘rib, bir kun kelib sog‘ayib ketsa, albatta, dunyoni aylanib chiqishga umid qilardi.
Har tong Shabnam uyg‘onishi bilan o‘zi yoqtirgan ko‘ylagini kiyardi. Bu ko‘ylak uning uchun juda qadrli edi, chunki uni kasalxonada tanishgan dugonasi sovg‘a qilgandi. Kiyinib olgach, nonushta qilar va dorilarini qabul qilardi. Uning hayoti har kuni bir xil tartibda davom etardi.
O‘sha kuni ham odatdagidek xonasidan chiqib, kasalxona yo‘laklari bo‘ylab sayr qila boshladi. Shifokor xonasi oldidan o‘tayotganida, ichkaridan o‘z ismini eshitib qoldi. Beixtiyor to‘xtadi. Shifokorlar uning ahvoli haqida gaplashayotgan edi. Ularning suhbatidan Shabnamning ko‘p umri qolmaganini eshitib qoldi.
Bu xabar uni bir lahza karaxt qilib qo‘ydi. Yuragi tez ura boshladi, ko‘zlariga yosh keldi. U eshitganlarini hazm qila olmay, hech kimga bildirmasdan xonasiga qaytdi.
Shabnam sumkasidan bir varaq qog‘oz oldi. Unda, agar tuzala olmasa, amalga oshirishni istagan orzulari ro‘yxati yozilgan edi. U ro‘yxatga uzoq tikilib qoldi. Bir muddat xayol surdi. So‘ng sekin o‘rnidan turib, shifoxonadan chiqib ketish rejasini tuza boshladi.
U shifokorlarni chalg‘itib, kerakli eshikning kalitini qo‘lga kiritdi. Tunda esa o‘zi uchun zarur narsalarni sumkasiga joylab, shifoxonadan sezdirmay chiqib ketdi.
Tashqarida tun hukmron edi. Hamma yoq qop-qorong‘i, osmonda esa son-sanoqsiz yulduzlar porlab turardi. Shabnam osmonga qarab, beixtiyor jilmaydi. Anchadan beri bunday manzarani ko‘rmagan, toza havo va erkinlikni his qilmagan edi.
U quvonchidan katta daraxt tomon yugurdi, baqirdi, hatto sakradi. Go‘yo shu lahzalarda kasalligi ham, dardlari ham yo‘qdek edi. Daraxt yonida bir oz to‘xtab, krossovkasining iplarini mahkam bog‘ladi. Oyoq kiyimi qulay ekaniga ishonch hosil qilgach, yo‘lida davom etdi.
Yo‘l chetidagi do‘konga kirdi. Do‘konda ko‘zoynak taqqan bir ayol undan xarid qilgan narsalarini mashinasigacha ko‘tarib borishda yordam so‘radi. Shabnam mamnuniyat bilan unga yordam berdi. Ayol unga minnatdorchilik bildirdi. Shabnam esa jilmayib qo‘ydi. So‘ng do‘konga qaytib kirib, o‘zi uchun kerakli narsalarni xarid qildi.
Kassaga yaqinlashganida, e'lonlar doskasiga ko‘zi tushdi. Unda shahardagi bog‘da katta bayram bo‘lishi haqida yozilgan edi. Shabnam uzoq o‘ylab o‘tirmadi va o‘sha tomonga yo‘l oldi.
Bog‘ga yetib kelgach, bayramga qo‘shildi. Musiqa, kulgi, odamlarning quvonchi... Bularning barchasi unga juda yoqardi. U tong otguncha o‘sha yerda vaqt o‘tkazdi. Atrofidagi odamlar bilan birga kuldi, raqsga tushdi va musiqadan zavq oldi. O‘zini xuddi boshqa bir dunyoga tushib qolgandek his qilardi. Bu uning uzoq vaqtdan beri orzu qilgan, ammo faqat xayolida yashab kelgan hayoti edi.
Tong yorisha boshlagach, Shabnam sekin kasalxonaga qaytishga qaror qildi. Bog‘dan chiqayotganida yo‘l chetidagi kichkina taqinchoqlar do‘koniga ko‘zi tushdi. Do‘konning sotuvchisi o‘n to‘rt yoshlar atrofidagi bola edi.
— Opajon, menda siz uchun ajoyib taqinchoqlar va tumorlar bor. Iltimos, bittasini sotib oling! — dedi bola umid bilan.
Shabnam bolaga diqqat bilan razm soldi. Uning iltijoli nigohi Shabnamni befarq qoldirmadi. U bolaning kichkina do‘konchasiga yaqinlashdi. Turli taqinchoqlar orasida uchburchak shaklidagi tosh o‘rnatilgan bir taqinchoq uning e'tiborini tortdi. Tosh ustiga notanish tilda «Non arrenderti!» deb yozilgan edi.
— Bu nimani anglatadi? — deb so‘radi Shabnam.
Bola yelka qisdi.
— Bilmayman, opajon. Bu taqinchoq menga ancha oldin kelib tushgan. Lekin yozuvi juda chiroyli, shunday emasmi?
Shabnam yozuvga yana bir bor qaradi. Notanish so‘zlar unga qandaydir iliqlik bag‘ishlagandek bo‘ldi. U taqinchoqni qo‘liga olib, bir muddat tomosha qildi. So‘ng uni sotib oldi.
Nihoyat, kasalxonaga qaytib keldi. Shifokorlar allaqachon uning yo‘qligini payqab, xavotirga tushishgan edi. Shabnamni ko‘rishlari bilan uning oldiga yugurishdi. Nega indamay ketib qolganini so‘ray boshlashdi. Hamma unga qarab turardi.
Shu payt birdan Shabnamning ko‘z oldi qorong‘ilasha boshladi. Atrofdagi ovozlar tobora uzoqlashayotgandek tuyuldi. U muvozanatini yo‘qotib, yerga yiqildi.
Shifokorlar uni darhol ko‘tarishga urinishdi. Shabnam esa zaif va past ovozda so‘nggi so‘zlarini aytdi:
— Hech bo‘lmasa, bir kun haqiqiy hayotni his etdim... Erkinlik qanday go‘zal ekan... Endi o‘tgan umrimga achinmayman...
Uning ko‘zlari asta yumildi. Qo‘lida esa uchburchak toshli taqinchoq bor edi.
Shifokorlardan biri taqinchoqni qo‘lidan ehtiyotkorlik bilan oldi. Undagi yozuvga ko‘zi tushdi.
«Non arrenderti!»
U italyan tilini bilardi. Bu so‘zlarning ma'nosi «Taslim bo‘lma!» edi.
Shifokor bir zum jim qoldi. Shabnam esa bu so‘zlarning ma'nosini bilishga ham ulgurmagan edi...
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0