Men emas edim bu...
O‘sha sochlar, o‘sha boqishlar-u, ammo hamma meni boshqa ism bilan chaqirardi. Ruhim o‘sha, tana o‘zimniki, ismim esa — begona. Qarshimda o‘tirganlar notanish, ammo do‘stlarim — ular...
Biz bir mashinada ketayotgan edik. Qayerga — bilmasdim. Manzil muhim emasdi, go‘yo faqat ketishning o‘zi muhim edi.
Keyin ular yo‘qoldi. G‘oyib bo‘lishdi. Yolg‘iz qoldim. Butunlay yolg‘iz. Men va mening begona ismim chuqur sukunatli sahroda edik — kimsasiz edik. Hamma narsa turgan joyida qotgandek: hatto havo ham harakatdan to‘xtagandek.
Va birdan... sezdim.
Xavf.
Ko‘rinmas, ammo mavjud.
Sezardim — yurak urishim tezlashganidan, nafas olishim og‘irlashganidan, etim jimirlashidan sezardim.
Qochishim kerak edi. Qayerga — farqi yo‘q. Faqat qutulsam bo‘ldi.
Yugurdim, telbalarcha. Ammo ortimga qarashga yuragim dov bermasdi. Bir bora qarasam, go‘yo ushlab oladigandek tuyulardi. Bu dahshatli edi. Ammo bu filmlardagidek dahshat emasdi. Bu hayot edi. Ortimdan hayot quvayotgandi. Men esa qochardim. Shu payt birdan devor paydo bo‘ldi. Go‘yo yer qa’ridan o‘sib chiqqandek. Ko‘kka cho‘zilgan, g‘oyibga tutashgan devor.
Men to‘xtadim.
Yig‘ladim.
Qichqirdim.
U tobora yaqinlashardi. Oxirgi chora: devorga tirnashdim, tirmashdim, chiqishga urindim. Naf' bermadi. O‘sha xavf — u orqamda turardi. Unga zinhor qaramadim, ammo mavjudligini butun vujudim bilan his etardim.
Undan qancha qochmay, axiyri tutildim. Hayotning sovuq qo‘llari bo‘g‘zimda edi. Nafas ololmasdim. Tanam yonardi — go‘yo havosiz. Bu soniyalar men uchun so‘nggilari edi.
Armon qolmasin, deya bor kuchimni to‘pladim — unga qarshilik ko‘rsatdim. Ammo... ammo yengildim. Ojiz edim...
Ko‘zlarimni ochdim.
Shifokor jag‘ ostidagi karotis sinus nuqtasini bosayotgan edi. Shu sabab yo‘tal tutdi. Tushunmadim. Keyin angladim...
Men devordan o‘ta olmadim.
Hayot ketishga izn bermadi.
Yashashga majburman.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0